Logo

24 foizgacha zarar: 2026-yilda oltin quymalari narxi qanday o‘zgarmoqda?

Bugun 08:307 daqiqa

2026-yil boshidan buyon oltin quymalarining sotuv narxi 5,8 foizga oshdi. Bir qarashda bu davrda oltin sotib olgan investor foyda ko‘rgandek tuyuladi. Biroq banklarning sotuv va qayta xarid narxlari o‘rtasidagi tafovut hisobga olinsa, xarid sanasiga qarab investorlar amalda 5 foizdan qariyb 24 foizgacha zarar ko‘rgan.

24 foizgacha zarar: 2026-yilda oltin quymalari narxi qanday o‘zgarmoqda?

2026-yil oltin bozori uchun keskin o‘zgarishlar bilan boshlandi. Yilning dastlabki haftalarida jahon bozoridagi qimmatlashuv ortidan O‘zbekistondagi o‘lchovli oltin quymalar narxi ham ketma-ket rekordlarni yangiladi.

5-yanvar kuni 5 grammli oltin quyma 8 mln 735 ming so‘mdan sotilgan edi. Oradan bir hafta o‘tib, uning narxi ilk bor 9 mln so‘mdan oshdi. 26-yanvarda esa 5 grammli quyma 10 mln so‘mlik psixologik chegarani kesib o‘tdi.

29-yanvar kuni narx yana keskin ko‘tarilib, 5 grammli quyma 10 mln 864 ming so‘mga yetdi. Bu 2026-yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.

Yil boshidan rekord qayd etilgan kungacha 5 grammli oltin quymaning qiymati 2 mln 129 ming so‘mga yoki 24,4 foizga oshgan.

Biroq keskin o‘sish uzoq davom etmadi. Jahon bozoridagi tuzatish ortidan O‘zbekistonda ham quymalar narxi pasaya boshladi. 24-martga kelib 5 grammli quyma 9 mln 6 ming so‘mgacha arzonladi.

Bu yanvar oxiridagi rekordga nisbatan 1 mln 858 ming so‘mlik yoki 17,1 foizlik pasayish edi.

Keyingi oylarda narxlar qisman tiklandi. May boshida 5 grammli quyma 9,7 mln so‘mga yaqinlashgan bo‘lsa, iyun oyida yana pasayish kuzatildi.

18-iyun holatiga Markaziy bank 5 grammli oltin quymaning sotuv narxini 9 mln 243 ming so‘m etib belgilagan.

Shu tariqa hozirgi narx:
— yil boshidagidan 508 ming so‘m yoki 5,8 foiz yuqori;
— 29-yanvardagi rekorddan 1 mln 621 ming so‘m yoki 14,9 foiz past;
— 24-martdagi eng past nuqtadan 237 ming so‘m yoki 2,6 foiz yuqori.

Barcha quymalar narxi qancha?

18-iyun holatiga Markaziy bank tomonidan belgilangan sotuv narxlari quyidagicha:

Og‘irligi

Sotuv narxi

5 gramm

9 mln 243 ming so‘m

10 gramm

18 mln 486 ming so‘m

20 gramm

36 mln 972 ming so‘m

50 gramm

92 mln 431 ming so‘m

100 gramm

184 mln 861 ming so‘m


Foizdagi o‘zgarishlar barcha o‘lchamdagi quymalar uchun bir xilga yaqin.

Masalan, 100 grammli quyma yil boshida 174 mln 694 ming so‘m edi. 29-yanvarda uning narxi 217 mln 278 ming so‘mgacha oshdi. 18-iyunga kelib esa 184 mln 861 ming so‘mga tushdi.

Oltin narxi oshgan bo‘lsa, nega investor zarar ko‘rishi mumkin?

Oltin quymalari bozorida faqat sotuv narxiga qarash yetarli emas. Quymani sotib olgan fuqaro uni keyinchalik bankka Markaziy bank belgilagan qayta sotib olish narxida topshiradi.

18-iyun kuni 5 grammli quyma banklarda 9 mln 243 ming so‘mdan sotilmoqda. Biroq bank uni qadog‘i but holatda 8 mln 281 ming so‘mdan qayta sotib oladi.

Ikki narx o‘rtasidagi farq 962 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu sotuv narxining 10,4 foiziga teng.

Boshqacha aytganda, fuqaro 18-iyun kuni 5 grammli quyma sotib olib, uni shu kunning o‘zida qayta sotsa, 962 ming so‘m yoki 10,4 foiz zarar ko‘radi.

Quymaning qayta xarid qiymati xaridor to‘lagan 9 mln 243 ming so‘mga yetishi uchun oltin narxi taxminan 11,6 foizga oshishi kerak. Shundagina investor nominal hisobda zararsiz nuqtaga yaqinlashadi.

Bu oltin quymalari qisqa muddatli savdo uchun emas, ko‘proq uzoq muddatli jamg‘arish vositasi ekanini ko‘rsatadi.

Sotuv va qayta xarid narxi o‘rtasidagi tafovut uch baravarga yaqin kengaydi

Yil boshida mazkur tafovut ancha past edi.

5-yanvar kuni 5 grammli quyma 8 mln 735 ming so‘mdan sotilgan. Qadog‘i but quyma uchun qayta xarid narxi esa 8 mln 395 ming so‘m bo‘lgan.

Farq 340 ming so‘m yoki 3,9 foizni tashkil qilgan.

18-iyunga kelib farq 962 ming so‘mga, foizda esa 10,4 foizga yetdi. Ya’ni mutlaq qiymatda tafovut qariyb uch baravarga kengaygan.

Natijada faqat quymalarning chakana sotuv qiymatini kuzatgan odam oltin yil boshidan daromad keltirgan, degan xulosaga kelishi mumkin. Ammo uni real sotish qiymati hisobga olinsa, manzara boshqacha ko‘rinadi.

Markaziy bankning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, sotuv va qayta xarid narxlari jahon bozoridagi oltin qiymati hamda regulyator belgilaydigan marja yoki chegirma asosida shakllantiriladi. Ushbu marja va chegirma quymalarni ishlab chiqarish, muomalaga chiqarish va ular bilan bog‘liq operatsion xarajatlarni qoplash uchun belgilanadi.

Biroq 2026-yil davomida sotuv va qayta xarid narxlari orasidagi tafovut nima sababdan keskin kengaygani bo‘yicha alohida batafsil izoh berilmagan.

Yil boshida oltin olganlar qancha foyda yoki zarar ko‘rdi?

Investor daromadini hisoblashda hozirgi sotuv narxi emas, bankning qayta sotib olish narxi olinishi kerak.

Masalan, 5-yanvar kuni 5 grammli quyma 8 mln 735 ming so‘mga sotib olingan bo‘lsin. 18-iyun kuni bank qadog‘i but quymani 8 mln 281 ming so‘mga qayta sotib oladi. Demak, investor 454 ming so‘m yoki 5,2 foiz zarar ko‘radi.

29-yanvardagi rekord narxda 10 mln 864 ming so‘mga quyma sotib olgan fuqaro esa uni 18-iyunda sotganda 2 mln 583 ming so‘m yo‘qotadi. Bu dastlabki xarid qiymatining 23,8 foiziga teng.

Hatto 24-mart kuni narx 9 mln 6 ming so‘mgacha tushgan paytda quyma sotib olgan odam ham uni 18-iyun kuni bankka qaytarsa, 725 ming so‘m yoki 8 foiz zarar ko‘radi.

Bu hisob-kitoblar quymaning qadog‘i but bo‘lishi va bank uni Markaziy bankning 18-iyundagi rasmiy qayta xarid narxida sotib olishini nazarda tutadi.

Qadoq buzilsa, narx yanada past bo‘ladi

Oltin quymaning maxsus himoya qadog‘i uning sertifikati hisoblanadi. Quyma va uning qadoqlarida bir xil seriya raqami mavjud. Qadoq but bo‘lsa, tijorat banki quymani darhol qayta sotib olishi mumkin. Agar qadoq buzilgan, shikastlangan yoki texnik talablarga javob bermasa, quyma ekspertizadan o‘tkaziladi va pastroq narxda xarid qilinadi.

18-iyun holatiga 5 grammli quymaning:
— qadog‘i but holatdagi qayta xarid narxi 8 mln 281 ming so‘m;
— qadog‘i buzilgan holatdagi narxi 8 mln 197 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Farq 84 ming so‘m.

100 grammli quymada esa qadoqning holati qayta sotish qiymatini 1 mln 673 ming so‘mga o‘zgartiradi. Qadog‘i but 100 grammli quyma 165 mln 622 ming so‘mdan, qadoq buzilgan bo‘lsa 163 mln 949 ming so‘mdan xarid qilinadi.

2025-yildagi o‘sish sur’ati takrorlanmayapti

2026-yilda oltin quymalari narxi yil boshidagidan yuqori bo‘lsa-da, hozircha 2025-yildagi kabi barqaror va keskin o‘sish kuzatilmayapti.

2025-yil boshida 5 grammli oltin quyma qariyb 5,66 mln so‘m turgan. Iyun o‘rtalariga kelib uning narxi 7 mln 227 ming so‘mga yetgan. Ya’ni o‘tgan yilning dastlabki besh yarim oyida quyma qariyb 28 foizga qimmatlashgan.

O‘sish yilning ikkinchi yarmida ham davom etib, 24-dekabrda 5 grammli quyma 8 mln 913 ming so‘mlik rekordga chiqqan. Natijada uning narxi 2025-yil boshiga nisbatan qariyb 57 foiz oshgan.

2026-yilda esa manzara boshqacharoq. 5-yanvarda 5 grammli quyma 8 mln 735 ming so‘m turgan bo‘lsa, 18-iyunga kelib 9 mln 243 ming so‘mga yetgan. Bu yil boshidan atigi 5,8 foizlik o‘sish degani.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning deyarli shu davrida narx qariyb 28 foiz oshgan edi. Demak, 2026-yildagi o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb besh baravar past.

To‘g‘ri, joriy yil yanvarida oltin narxi qisqa muddat ichida keskin ko‘tarilib, 5 grammli quyma 10 mln 864 ming so‘mlik rekordga chiqdi. Biroq bu o‘sish barqaror bo‘lmadi: keyingi oylarda narx rekorddan qariyb 15 foiz pasaydi.

Shu sababli 2026-yildagi dinamika 2025-yildagi uzluksiz qimmatlashuvdan farq qilmoqda. Biroq 2026-yil hali yakunlanmagan. Shu bois hozirgi ko‘rsatkichlar asosida yil oxiridagi umumiy o‘sish haqida qat’iy xulosa qilishga erta.

Jahonda oltinga talab hamon yuqori

Narxlarning pasayishi oltinga talab butunlay yo‘qolganini anglatmaydi.

World Gold Council ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida jahondagi jami oltin talabi 1 231 tonnani tashkil etib, yillik hisobda 2 foiz oshgan.

Oltin quymalari va tangalariga investitsion talab 474 tonnaga yetib, bir yil oldingiga nisbatan 42 foiz ko‘paygan. Markaziy banklar esa chorak davomida sof hisobda 244 tonna oltin xarid qilgan.

Ayni paytda rekord narxlar zargarlik buyumlariga bo‘lgan talabni pasaytirgan. Birinchi chorakda zargarlik uchun oltin talabi hajmi 23 foizga qisqargan.

Demak, yuqori narxlar oddiy iste’molchilarning zargarlik xaridlarini cheklayotgan bo‘lsa-da, oltinni jamg‘arish va investitsiya vositasi sifatida sotib olayotganlar faolligi yuqori qolmoqda.

O‘zbekistonda ham oltinga qiziqish keskin oshgan

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil noyabridan 2025-yil oxirigacha banklar orqali aholiga jami 65,1 mingdan ortiq oltin quyma sotilgan. Ularning umumiy og‘irligi 1,2 tonnani tashkil qilgan.

Faqat 2025-yilning o‘zida banklar 661 kilogramm yoki 33 939 dona oltin quyma sotgan. Og‘irlik bo‘yicha bu 2020–2024-yillarda sotilgan barcha quymalar hajmidan 18,4 foiz ko‘p.

Taqqoslash uchun, 2024-yilda sotuv hajmi 236 kilogrammni tashkil etgan edi. Demak, bir yil ichida quymalarga talab qariyb 2,8 baravar oshgan.

Quyma sotadigan banklar soni 12 tadan 19 taga, sotuv shoxobchalari esa 34 tadan 170 tagacha ko‘paygan.

Bu aholi orasida oltinning nafaqat zargarlik buyumi, balki jamg‘arma va investitsiya vositasi sifatidagi ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Oltin hozir yaxshi investitsiyami?

Oltin odatda uzoq muddatda pulning xarid qobiliyatini saqlash, valuta va inflatsiya xavfidan himoyalanish hamda investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish vositasi sifatida qaraladi.

Biroq 2026-yilgi narxlar dinamikasi oltin ham qisqa muddatda keskin arzonlashi mumkinligini ko‘rsatdi. Yanvar rekordida quyma sotib olgan investor bir necha oy ichida nafaqat narxning pasayishi, balki sotuv va qayta xarid narxlari o‘rtasidagi katta tafovut tufayli ham sezilarli zarar ko‘rishi mumkin.

Shu sababli oltin sotib olishda kamida uchta ko‘rsatkichni hisobga olish kerak:

— quymaning joriy sotuv narxi;
— bankning qayta sotib olish narxi;
— ushbu ikki narx orasidagi tafovut.

Faqat sotuv narxining yil boshidan 6 foiz oshganiga qarab, oltin investorlariga ham 6 foiz daromad keltirdi, deyish noto‘g‘ri. 18-iyun holatiga yil boshida quyma sotib olgan investor uni bankka qayta sotishda nominal hisobda hamon zarar ko‘radi.

Oltinning keyingi narxi esa jahon bozoridagi kotirovkalar, AQSH foiz stavkalari va dollar kursi, geosiyosiy xavflar, markaziy banklar talabi, so‘m kursi hamda Markaziy bank belgilaydigan marja va chegirmalarga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun oltinni ko‘proq uzoq muddatli investitsiya vositasi sifatida ko‘rish kerak.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 202

Barchasi