BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
BAA hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga oid yangi cheklovlarni joriy etdi. Endi 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt ochish va undan foydalanish taqiqlanadi.
© sun'iy intelektBirlashgan Arab Amirliklari hukumati ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh chegarasini 15 yosh etib belgiladi. Bu haqda Emirates axborot agentligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt yaratish, undan foydalanish yoki uni boshqarish, shuningdek platformalarning barcha funksiyalaridan, jumladan post joylashtirish, izoh qoldirish, ommaviy guruhlarga qo‘shilish va ochiq kanallarga kirishdan foydalanish taqiqlanadi.
Platformalar ushbu cheklovlarni amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘rishi shart. 15–16 yoshdagi o‘smirlarga esa qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilgan taqdirdagina ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bunday choralar qatoriga yoshga mos kontentni tasniflash va cheklash, platformadan foydalanish vaqtini nazorat qilish hamda ota-ona nazorati vositalarini taqdim etish kiradi.
Avvalroq Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonunni qabul qilgan edi. Shuningdek, Buyuk Britaniyada ham shunga o‘xshash yosh cheklovlarini joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda.





