«Nestle», «Danone», «Lactalis»: Bolalar suti bilan bog‘liq bolalar o‘limi yuzasidan tergov boshlandi

Kecha 19:552 daqiqa

Bolalar suti ishlab chiqaruvchilari atrofidagi ushbu vaziyatga sereulid toksini sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Nestle», «Danone», «Lactalis»: Bolalar suti bilan bog‘liq bolalar o‘limi yuzasidan tergov boshlandi

Fransiya rasmiylari sifatsiz bolalar suti bo‘yicha kengayib borayotgan surishtiruvlar doirasida uchinchi go‘dakning o‘limi yuzasidan tergov boshladi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Uchinchi o‘lim va davom etayotgan tergov

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, chaqaloq sotuvdan qaytarib olingan sutli aralashmani iste’mol qilgan, biroq hozircha o‘lim holati va mahsulot o‘rtasida bevosita bog‘liqlik borligi isbotlanmagan.

Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda yana ikki nafar chaqaloqning vafoti yuzasidan Bordo va Anje shaharlari prokuraturalari tomonidan alohida tergov harakatlari olib borilmoqda. Vazirlik uchinchi holat bo‘yicha tekshiruv aynan qaysi hududda o‘tkazilayotganini hozircha ochiqlamagan.

Yirik kompaniyalar mahsulotlari sotuvdan olinmoqda

Ushbu inqiroz «Nestle SA», «Danone SA» va «Groupe Lactalis» kabi yirik ishlab chiqaruvchilarga daxldor bo‘lib, ularning barchasi ma’lum turdagi mahsulotlarini bozordan qaytarib olgan.

O‘tgan haftada Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi organlari mintaqa davlatlari uchun toksinlarning yangi, yanada pastroq darajalari tavsiyasini e’lon qilganidan so‘ng, yana bir necha davlatlar ushbu mahsulotlarni sotuvdan olishni boshladi.

Zaharlanish sababi: Xitoy xomashyosidagi xavfli toksin

«Bolalar suti ishlab chiqaruvchilari atrofidagi ushbu vaziyatga sereulid — odatda bolalar ozuqasiga qo‘shiladigan, ifloslangan araxidon kislotasi moyida (ARA) uchraydigan toksin sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Garchi kompaniyalarning hech biri zaharlanish manbasini rasman ochiqlamagan bo‘lsa-da, ushbu xomashyoni yetkazib beruvchi Xitoyning «Cabio Biotech Wuhan Co» kompaniyasi ekani aniqlangan», — deyiladi xabarda.

«Nestle» uchinchi o‘lim holati bo‘yicha so‘rovga javoban vaziyatni o‘rganayotganini bildirgan. «Danone» va «Lactalis» kompaniyalari esa hozircha izoh berishdan bosh tortgan.

Moliyaviy oqibatlar va avvalgi cheklovlar

Mazkur xabarlar ortidan «Nestle» aksiyalari so‘nggi bir oydagi eng past ko‘rsatkich — 3 foizgacha, «Danone» aksiyalari esa 3,6 foizgacha arzonlashgan.

Fransiya rasmiylarining qo‘shimcha qilishicha, qaytarib olingan sutli aralashmani iste’mol qilgani taxmin qilinayotgan 14 nafar go‘dak shifoxonaga yotqizilib, muolajalardan so‘ng uyiga javob berilgan. Ularning holati va sereulid toksini o‘rtasidagi bog‘liqlik hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Avvalroq Fransiyaning sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Lactalis» kompaniyasi yetkazib beruvchilardan birining xomashyosida sereulid toksini aniqlangani sabab Picot brendi ostidagi olti turdagi bolalar sutini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid