
Netanyahu G‘azoda yangi hujum rejasini e’lon qildi
14.05.2025 | 11:5032064
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu SAHAL yaqin kunlarda G‘azo sektorida to‘liq hujum boshlashini ma’lum qildi. Maqsad — HAMASni mag‘lub etish va garovda ushlab turilgan asirlarni ozod qilish.

13 may kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yangi harbiy hujum yaqin kunlarda boshlanishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armiya hujumni to‘liq kuch bilan amalga oshiradi va bu harakatning asosiy maqsadi — HAMAS harakatini mag‘lub etish hamda barcha garovdagilarni ozod qilish bo‘ladi.
Netanyahu yaralangan zaxirachi askarlar bilan uchrashuvda, HAMAS bir nechta asirni qaytarish taklifi bilan chiqsa ham, Isroil urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, vaqtincha otishmalarni to‘xtatish mumkin, lekin uzoq muddatli tinchlik haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas.
BMTning humanitar yordam koordinatori Tom Fletcher Isroilni tanqid qildi va G‘azo aholisiga nisbatan «beshafqat sharoit» yaratilayotganini bayon etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2,1 mln falastinlik ocharchilik xavfi ostida qolgan — ozuqa, dori-darmon va suv kabi yordamlar o‘n haftadan beri yetib bormayapti. Fletcher Isroilni fuqarolarni o‘ldirishni to‘xtatishga va gumanitar yordamni o‘tkazishga chaqirdi.
Shu bilan birga, u HAMAS va boshqa qurolli guruhlarni barcha asirlarni darhol ozod qilishga va fuqarolarni harbiy harakatlar markaziga aylantirmaslikka chaqirdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ham Isroil harakatlarini tanqid qildi. Germaniya rahbari Netanyahu bilan uchrashuvda fuqarolarga yordam yetkazish zarurligini ta’kidlagan.
Isroil matbuotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi hujum AQSH prezidenti Donald Trampning Saudiya, Qatar va BAAga safaridan so‘ng boshlanishi mumkin.





