
Netanyahu Tramp va Putin bilan muloqotga tayyorlanmoqda
13.06.2025 | 21:0020224
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tramp, Putin va Britaniya yetakchisi bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. Bu orada Eronda yana portlashlar qayd etildi, Tehron esa AQSH bilan muzokaralarni to‘xtatdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu 13 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer bilan telefon orqali muzokaralar o‘tkazishi ma’lum qilindi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.
Netanyahu bungacha Germaniya, Fransiya va Hindiston yetakchilari bilan muloqot o‘tkazgan. Kanselyariya xabariga ko‘ra, ushbu davlatlar Isroilning harakatlarini «tushunish bilan» qabul qilgan.
Shu bilan birga, Erondagi davlat OAV mamlakatning g‘arbidagi aviabaza yaqinida yangi portlashlar yuz bergani haqida xabar tarqatdi. Eron hozircha rasman bu haqda izoh bergani yo‘q.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa o‘zining Truth Social sahifasida Isroilning «Qo‘zg‘alayotgan sher» operatsiyasidan avvaldan xabardor bo‘lganini tasdiqladi. Biroq u bu operatsiyada Amerika harbiylari ishtirok etmaganini alohida ta’kidladi.
Tramp Tehronni yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarga chaqirdi va rad javobi berilsa, yanada qat’iyro zarbalar bo‘lishi haqida ogohlantirdi. «Endi yetarlicha o‘lim va vayronalar bo‘ldi. Ammo qirg‘inni to‘xtatish uchun hali kech emas», — dedi u.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, kechagi havo zarbalari paytida 200 ta samolyot 100 ta harbiy va yadroviy maqsadni nishonga olgan. Ular orasida havo mudofaa tizimlari va uran boyitish markazlari ham bor. Isroil tomoni Natanzdagi asosiy yadro majmuasi jiddiy shikastlanganini ma’lum qilgan.
Hujumlar fonida Eron rasmiylari AQSH bilan Ummonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarni bekor qildi. Ushbu muzokaralar yakshanba kuni bo‘lishi kerak edi.





