
Netanyahu: «Urushdan keyingi G‘azoda Turkiya va Qatar harbiylariga joy yo‘q»
Isroil bosh vaziri G‘azo kelajagi bo‘yicha AQSH rejasida ayrim davlatlar harbiy ishtirokiga qat’iy qarshi chiqdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urushdan keyingi G‘azo sektorida Turkiya va Qatar harbiy kuchlari joylashtirilmasligini ochiq bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, xavfsizlik va boshqaruv masalalarida mazkur davlatlar ishtirok etmasligi kerak va bu Isroilning prinsipial pozitsiyasi hisoblanadi.
Netanyaxu bu bayonotni AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan G‘azodagi urushni yakunlashga qaratilgan ko‘p bosqichli reja muhokamalari fonida bildirdi. Ushbu reja doirasida mintaqada yangi siyosiy va xavfsizlik tuzilmalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
«Tramp rejasi»ning ikkinchi bosqichi
Isroil rahbariga ko‘ra, G‘azo hozir «Tramp rejasi»ning ikkinchi bosqichi arafasida turibdi. Bu bosqichning asosiy mazmuni HAMASni to‘liq qurolsizlantirish va G‘azo sektorida harbiy infratuzilmani bartaraf etishdan iborat.
«Ikkinchi bosqich birgina oddiy narsani anglatadi: HAMAS qurolsizlantiriladi va G‘azo demilitarizatsiya qilinadi. G‘azo sektorida na turk va na qatar askarlari bo‘ladi», dedi Netanyaxu.
Netanyahu o‘z bayonotida Tramp rejasida nazarda tutilgan «xalqaro barqarorlashtirish kuchlari»ga ham ishora qildi. Ushbu kontingent G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, HAMAS o‘rnini bosadigan yangi mahalliy politsiya tuzilmalarini tayyorlash bilan shug‘ullanishi lozim.
Biroq mazkur kuchlar tarkibiga qaysi davlatlar harbiylari kirishi hozircha aniq emas. Isroil esa Turkiya va Qatar bu jarayonda har qanday harbiy yoki siyosiy rol o‘ynashiga qarshi ekanini yashirmayapti.
Ijroiya kengashi atrofidagi kelishmovchiliklar
Isroil tomoni «G‘azo ijroiya kengashi» tarkibiga Turkiya tashqi ishlar vaziri Haqan Fidan hamda qatarlik diplomat Ali at-Tavadiy kiritilganiga ham e’tiroz bildirdi. Netanyahu ushbu masala bo‘yicha mamlakat Tashqi ishlar vaziriga AQSH davlat kotibi bilan bog‘lanishni topshirgan.
Rasmiy sabablar ochiqlanmagan bo‘lsa-da, 2023 yil oktabrda urush boshlanganidan beri Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgani Tel Avivning bu pozitsiyasiga asosiy omil sifatida baholanmoqda.





