
Netanyahuning HAMASga qarshi maqsadi shubhali — Al-Jazeera
09.06.2025 | 08:0247483
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azodagi HAMASni yo‘q qilishga qaratilgan siyosati haqiqiy maqsadmi yoki bahona, degan savol yana kun tartibiga chiqdi. Al-Jazeera tahlilchilariga ko‘ra, uning harakatlari va siyosiy bayonotlari o‘rtasida jiddiy farq mavjud.

Netanyahu doimiy ravishda G‘azoda HAMAS hukmronligiga barham berishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatib keladi. Biroq ayrim mutaxassislar buni aniqlashtirilmagan va ziddiyatli siyosat deb baholamoqda. Tahlilchilariga ko‘ra, agar HAMAS haqiqatan ham yo‘q qilinsa, Isroil G‘azoda hokimiyat vakuumini boshdan kechiradi, bu esa yanada jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
Bu borada Isroilning sobiq rasmiylari va xavfsizlik sohasidagi ekspertlar ham turlicha fikr bildirmoqda. Ulardan ayrimlari HAMASni butunlay yo‘q qilish amaliy jihatdan imkonsiz va xavfli ekanini aytmoqda. Shunday sharoitda Netanyahuning so‘zlari ko‘proq ichki siyosiy bosimdan himoya vositasiga o‘xshaydi, deb yozadi Al-Jazeera.
Mutaxassislar G‘azodagi harbiy amaliyotlar Isroil jamiyatida ziddiyatli munosabat uyg‘otganini ham qayd etmoqda. Jahon hamjamiyati esa ko‘p hollarda, tinchlik muzokaralariga qaytishga chaqirmoqda. Biroq Isroil rasmiylari urush yo‘lini ma’qul ko‘rishda davom etmoqda.
Hozircha Netanyahuning aniq strategik rejasi mavjud emasligi va u urushni cho‘zish orqali shaxsiy siyosiy manfaatlarini ko‘zlayotgani haqidagi fikrlar tobora ko‘paymoqda. Bu esa G‘azodagi inqirozning yanada chuqurlashishi xavfini tug‘diradi.
 
 





