Logo

Nika Pharm tarixiy shaxslar aks etgan dori reklamasi uchun jarimaga tortildi

Bugun 11:251 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi Rinoksil Formula+ reklamasida tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanilishini buyuk ajdodlar xotirasiga hurmatsizlik va ma’naviy qadriyatlarga zid holat deb baholadi.

Nika Pharm tarixiy shaxslar aks etgan dori reklamasi uchun jarimaga tortildi © Raqobat qo‘mitasi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Nika Pharm kompaniyasini reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortdi.

Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan Rinoksil Formula+ dori vositasi reklamasida bir qator mashhur tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalangan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, reklama roliklarida Amir Temur, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Jorj Vashington, Yuliy Sezar hamda Napoleon Bonapart kabi shaxslar mazkur dori vositasini qo‘llagani tasvirlangan.

Nazorat organi bunday yondashuvni taniqli tarixiy shaxslar, ayniqsa milliy merosimizga mansub buyuk ajdodlar xotirasiga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholadi. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu reklama axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid hisoblanadi.

Idora shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda axloqiy me’yorlarga mos kelmaydigan reklama materiallarining tarqalishi aholi orasida norozilik uyg‘otayotganini ta’kidladi.

Qo‘mita «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga tayanib, reklamada milliy va oilaviy qadriyatlarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid bo‘lgan obrazlardan foydalanish taqiqlanishini eslatdi.

Maxsus komissiya qarori bilan Nika Pharm MCHJga moliyaviy jarima qo‘llandi. Shu bilan birga, kompaniyaga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Teglar

Mavzuga oid