
Nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibi belgilandi
Yangi tartib nikoh shartnomalarini rasmiylashtirishda oilaviy mulkiy munosabatlarda huquqiy aniqlikni ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekistonda nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tasdiqlangan nizom 2025 yil 5-yanvar kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, nikoh shartnomasi notarius tomonidan bir necha usulda rasmiylashtirilishi mumkin. Xususan, shartnoma notarial idora binosida, videokonferensaloqa orqali yoki murojaat qiluvchilarning xohishiga ko‘ra sayyor tartibda tasdiqlanadi.
Shartnomani rasmiylashtirish uchun fuqaro notarial idoraga shaxsan murojaat qilishi yoki elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish YAIDXP yoki E-notarius.uz axborot portallari orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik shartnoma belgilangan tartibda notarius ishtirokida rasmiylashtiriladi.
Notarius shartnomani tasdiqlash jarayonida taraflarning shaxsini aniqlaydi hamda qator huquqiy holatlarni tekshiradi. Jumladan, taraflarning nikoh yoshiga yetgan-yetmagani, o‘zaro nikoh munosabatlari mavjudligi, tomonlardan birining boshqa shaxs bilan nikohi qayd etilmagani va avval nikoh shartnomasi tuzilmagani o‘rganiladi.
Barcha to‘lovlar amalga oshirilib, shartnoma loyihasi tayyor bo‘lgandan so‘ng, taraflar uni imzolash uchun bir vaqtning o‘zida notarius huzuriga taklif etiladi. Shartnomaning barcha nusxalari familiya, ism va otasining ismi to‘liq ko‘rsatilgan holda notarius ishtirokida shaxsan imzolanadi.
Ma’lumot uchun, nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslar yoki er-xotinning nikoh davrida va ajrim holatida ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilab beruvchi huquqiy kelishuv hisoblanadi.





