add

Nikol Pashinyan Armanistonning YeOIIdan chiqishi mumkinligini ma’lum qildi

29.08.2025 | 08:406404

Yevrointegratsiya yo‘lida YeOII a’zoligini qayta ko‘rib chiqish mumkin, dedi Armaniston bosh vaziri. U boradagi qaror keyingi referendumga bog‘liqligini ta’kidladi.

Nikol Pashinyan Armanistonning YeOIIdan chiqishi mumkinligini ma’lum qildi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)dan chiqishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, Armaniston Yevropaga integratsiyani maqsad qilgan va shu sabab, bir vaqtda YeOII va Yevropa Ittifoqi (YeI)da a’zo bo‘lib turish mumkin emas. «So‘nggi qaror fursati yetgandi, biz keraklisini qabul qilamiz», — dedi u. Joriy yil 4 aprel kuni Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan mamlakatning YeIga qo‘shilish niyati to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Bu qonun parlament tomonidan ma’qullangan va yevrointegratsiya masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi hozircha to‘liq a’zolik taklif etmagan, biroq iyun oyida YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati rahbari Kaya Kallas Yerevan bilan barcha sohalar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armanistonning YeI a’zoligi va YeOIIda qolishi o‘rtasida ziddiyat borligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, bu ikki tashkilotda turli tarif siyosatlari va erkin savdo zonalari mavjud. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham buni «turlicha tijorat va iqtisodiy makon», deb atagan. Bundan tashqari, Lavrovning o‘rinbosari Mixail Galuzin YeIni «aksilrus qoidalarga bo‘ysunadigan tuzilma» deb baholab, Armanistonni YeOIIdan chiqishdan hazir bo‘lishga chaqirgan. Shunga qaramay, Kreml Armanistonning yevrointegratsiya harakatini «suveren qaror» deb atagan, lekin bir vaqtda ikki tashkilotda a’zolik mumkin emasligini yana bir bor ta’kidlagan. Yevropa Ittifoqi va Armaniston 2024 yilda yangi hamkorlik kun tartibini muhokama qilishni boshlagan. Sentyabrda esa ikki tomon vizasiz safarlar bo‘yicha muzokaralar boshlagan. Bryussel Yerevandan chegara nazorati, migratsiya va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha islohotlar talab qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Nikol Pashinyan Armanistonning YeOIIdan chiqishi mumkinligini ma’lum qildi | Vaqt.uz