
Nipah virusiga qarshi vaksina ishlab chiqildi
Olimlar yaratgan Nipah virusiga qarshi vaksina Belgiyada odamlarda ilk klinik sinovdan o‘tkazilmoqda.

Nipah virusiga qarshi ishlab chiqilgan yangi vaksina bo‘yicha ilk klinik sinovlar Belgiyada boshlanishi kutilmoqda. Ushbu tadqiqot odamlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu virusga qarshi kurashda muhim bosqich hisoblanadi. Vaksina Tokio universiteti olimlari tomonidan yaratilgan.
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, vaksina avval primatlar ustida sinovdan o‘tkazilgan va yuz foiz samaradorlik ko‘rsatgan. Bu natijalar olimlarga insonlarda klinik sinovlarni boshlash imkonini berdi. Ilk bosqichda xavfsizlik va immun javob darajasi baholanadi.
Keyingi bosqich sinovlari
Tadqiqotchilar keyingi bosqichda sinovlarni Bangladeshda kengaytirishni rejalashtirmoqda. Unda kattalar va bolalar ishtirok etishi mumkin. Bu hudud Nipax virusi tez-tez uchraydigan mintaqalardan biri hisoblanadi va vaksina samaradorligini real sharoitda baholash imkonini beradi.
Nipax virusi so‘nggi yillarda Janubiy Osiyoda xavfli infeksiya sifatida qayd etilmoqda. Avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida ushbu virus tarqalayotgani haqida xabar berilgan edi. Virus hayvonlardan insonga, zararlangan oziq-ovqat orqali yoki insondan insonga yuqishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Nipah virusi yuqtirgan holatlarda o‘lim darajasi 40 foizdan 75 foizgacha yetadi. Bu ko‘rsatkich epidnazorat darajasi va mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlariga bog‘liq. Shu sababli, samarali vaksinaning yaratilishi global sog‘liqni saqlash uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.





