
Nodavlat bog‘chalardagi ayrim bolalar uchun to‘lovning bir qismi davlat hisobidan qoplanadi
Yangi Nizomga ko‘ra, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari tarbiyalanayotgan oilaviy nodavlat bog‘chalarga ota-onalar to‘lovining bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra , «Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom 2025 yil 23 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan, kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan bolalar uchun ota-onalar to‘lovining bir qismi davlat hisobidan qoplab beriladi. Bunda bolalar ro‘yxati maxsus axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Nizomga ko‘ra, kompensatsiya hududdagi 9 soatlik ish rejimidagi umumiy turdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi. Bu mablag‘lar oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi.
Kompensatsiya haqiqatda bog‘chaga qatnayotgan bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi, ammo u muassasa bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasidagi bitimda nazarda tutilgan o‘rinlarning 15 foizidan oshmasligi kerak.
Mazkur mexanizm nodavlat sektordagi ta’lim muassasalari uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam bo‘lib, kambag‘al oilalar farzandlariga sifatli ta’limdan bahramand bo‘lish imkonini oshiradi.





