
Nogironlar uchun avtotransportni moslashtirish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi
19.06.2025 | 15:4033622
Hukumatning 2025 yil 18 iyundagi 377-son qaroriga muvofiq, avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarini qoplash tartibi belgilandi. Ushbu davlat xizmati bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Hujjatga asosan, moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, lekin eng ko‘pi bilan BHMning 30 baravari miqdoridagi summa davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu yordam ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi: 2024 yil 1 oktyabrgacha shahar va shaharlararo yo‘nalishlarda avtobus xizmatini ko‘rsatgan tadbirkorlar, shuningdek 2024 yil 1 noyabrdan keyin I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtomashinalari uchun.
Tadbirkorlarga tegishli avtobuslar quyidagi jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim:
— yig‘ma pandus;
— audio va vizual monitor;
— axborot kolonkalari (3 tagacha);
— mikrofon va aloqa tugmasi;
— bekatlar haqida ma’lumot beruvchi taxta.
Shu bilan birga, I guruh nogironlar shaxsiy avtomashinalarida:
— gaz va tormoz pedallari qo‘l boshqaruviga o‘tkazilishi;
— mexanik uzatmalarni avtomatga almashtirish xarajatlari qoplanadi.
Murojaat uchun arizachilar avtotransport vositasi moslashtirilgan sanadan boshlab 90 kun ichida «Inson» markazlari, «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali ariza topshirishi mumkin.





