
Nogironligi bor ishlovchi fuqarolarning pensiyasi endi avtomatik tarzda oshiriladi
25.06.2025 | 20:3040433
1 iyuldan boshlab I va II guruh nogironligi bor ishlovchi fuqarolarning pensiyalari avtomatik tarzda qayta hisoblanadi — ulardan hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

Mehnat faoliyatini davom ettirayotgan, I yoki II guruh nogironligi bor fuqarolar uchun pensiya miqdori endilikda ikki yilda bir marta avtomatik tarzda qayta hisoblanadi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
Yangi tartib 2025 yil 1 iyuldan amalga kiritiladi. Unga ko‘ra, pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslarning pensiyalari davlat axborot tizimlari orqali hisoblab chiqiladi. Fuqarolarga qayta hisoblash uchun Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish, hujjat topshirish yoki ariza yozish talab etilmaydi.
Qayta hisoblash natijalari haqida fuqarolarga SMS orqali xabar yuboriladi. Agar fuqaroning telefon raqami bo‘lmasa, ma’lumot pochta orqali yuboriladi. Bu orqali nogironligi bor fuqarolarga qulaylik va shaffoflik ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, mehnat staji va ish haqi bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik ravishda tegishli tashkilotlardan olinadi. Bu ham davlat axborot tizimlari o‘zaro integratsiyasi asosida amalga oshiriladi.
Mazkur tartib nogironligi bor insonlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning ishga qaytishi va mehnat bozorida faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida joriy qilindi.





