Notarial shartnomalarda eski qarzdorlikni yangi egasiga yuklash bandi bekor qilinishi mumkin
Raqobat qo‘mitasi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarida eski qarzdorlikni yangi mulkdorga yuklash haqidagi bandni olib tashlashni taklif qildi.
© klerk.ruRaqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar ko‘rsatishicha, ayrim hollarda fuqarolar uy-joy sotib olgandan keyin avvalgi egasiga tegishli kommunal qarzlar ular zimmasiga yuklanmoqda. Bu amaliyot “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani ta’kidlanmoqda.
Qonunga muvofiq, shartnomada iste’molchining huquqlarini cheklovchi har qanday bandlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shu bois, qarzdorlikni yangi mulkdorga o‘tkazishni nazarda tutuvchi shartlar qonunchilikka mos kelmaydi.
Muammoning kelib chiqishiga inson omili, ma’lumotlarni billing tizimlariga noto‘g‘ri kiritish va idoralararo elektron tizimlarda ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilanmasligi sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Shuningdek, ayrim shartnomalarga qonunga zid bandlar kiritilishi ham holatlarni kuchaytirmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk bitimlari notarial tasdiqlanishidan oldin “NOTARIUS” elektron tizimi orqali kommunal va soliq qarzlari majburiy tekshiriladi. Qarzdorlik aniqlanmagan taqdirdagina shartnoma rasmiylashtiriladi.
Misol sifatida Samarqand viloyatidagi holat keltirilgan. Fuqaro uy sotib olganidan so‘ng, Samarqand suv ta’minoti tomonidan unga 13 mln so‘m qarz yuklangan. Keyinchalik tekshiruvda ushbu qarz tashkilot xodimining xatosi tufayli noto‘g‘ri shakllangani aniqlanib, mablag‘ qayta hisoblab berilgan.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga notarial shartnomalardan qarzdorlikni yangi egasi zimmasiga yuklovchi bandlarni chiqarib tashlash bo‘yicha taklif kiritdi.





