
Notarial xizmatlar videokonferensaloqa orqali amalga oshiriladi
Notarial xizmatlarni E-notarius.uz axborot portali hamda Notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali videokonferensaloqa rejimida amalga oshirish mumkin.

Notarial harakatlarni videokonferensaloqa rejimi orqali amalga oshirish tartibini belgilaydigan nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjatga muvofiq, jismoniy yoki yuridik shaxsning vakili notarial idoraga bevosita kelmagan holatlarda notarial harakatlar masofadan turib rasmiylashtirilishi mumkin.
Yangi tartib notarial xizmatlardan foydalanishda vaqt va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan. Nizom notariuslar tomonidan murojaatlarni videokonferensaloqa orqali qabul qilish, tekshirish va tasdiqlash mexanizmlarini aniq belgilab beradi. Bu esa raqamli xizmatlar ulushini oshirish orqali huquqiy xizmatlar bozorini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
Nizomga ko‘ra, videokonferensaloqa rejimidagi notarial harakatlar E-notarius.uz axborot portali hamda Notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Murojaat qiluvchi elektron tarmoqdan foydalanish shartlari bilan tanishib, roziligini elektron shaklda tasdiqlashi shart.
Ariza beruvchi tasdiqlanishi so‘ralayotgan notarial harakat turini aniq ko‘rsatadi va zarur ma’lumotlarni elektron tarzda taqdim etadi. Notarius murojaat kelib tushgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida uni o‘rganib chiqadi va hujjatlarda kamchiliklar mavjud yoki mavjud emasligi haqida xabar beradi.
Videokonferensaloqa jarayonida tomonlar joylashgan hududda boshqa shaxslar bo‘lmasligi, muhit shovqindan xoli va yorug‘ bo‘lishi, videotasvir esa aniq ko‘rinishi shart. Notarial harakat loyihasi tayyor bo‘lganidan so‘ng, notarius tomonlarga ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, amalga oshirilayotgan harakatning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, 2027 yil mart oyidan boshlab uy-joyni sotib olish yoki hadya qilish shartnomalari, shuningdek, ayrim boshqa huquqiy bitimlar videoaloqa orqali notarius tomonidan rasmiylashtiriladi.





