
Nukusda o‘qituvchilardan pora olish bilan bog‘liq jinoiy sxema fosh etildi
19.06.2025 | 10:1514943
Qoraqalpog‘istondagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazish bahonasida ommaviy poraxo‘rlik holati aniqlandi. Hodisa bo‘yicha bir nechta shaxslar ushlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida Nukusdagi umumta’lim maktabi o‘qituvchisi 1000 AQSH dollari pora olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u maktab direktori o‘rinbosarining topshirig‘iga asosan, hamkasbini kasbiy attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Tekshiruv davomida maktab direktori o‘rinbosari 100 nafardan ziyod o‘qituvchidan 1000–1500 dollardan pora olgani va bu ma’lumotlarni shaxsiy bloknotida qayd etib borgani aniqlangan. Shuningdek, vaziyatga Pedagoglarni bilim va malakasini baholash sho‘’basining bosh metodisti ham aloqador bo‘lib chiqdi. U tergovchilarga o‘qituvchilardan yig‘ilgan 10 450 dollarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.
Aybdorlar test jarayonida uchraydigan nazoratni susaytirish, shaxsiy ko‘rik o‘tkazmaslik va uyali aloqa vositalari bilan kirish imkoniyatini ta’minlash kabi vositalar bilan noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan. Bunga Milliy gvardiya xodimining ham befarq munosabati qayd etildi.
Pora yo‘li bilan olingan pullar aybdorlar o‘rtasida taqsimlangani ma’lum qilindi. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





