add

«Nvidia» 2026 yilda 4 trln dollarlik bozor narxini saqlab qololadimi?

Kecha 09:182 daqiqa

2026 yil boshida «Nvidia» aksiyalari pasaydi, investorlar sun’iy intellekt bumidan keyin kompaniya 4 trln dollarlik kapitalizatsiyani saqlab qolish-qolmasligini baholamoqda.

«Nvidia» 2026 yilda 4 trln dollarlik bozor narxini saqlab qololadimi?

2026 yil boshida dunyoning eng qimmat kompaniyasi hisoblangan «Nvidia» bozorda bosim ostida qoldi. 2025 yil 29-oktabrda qayd etilgan cho‘qqidan keyin aksiyalar 9,1 foizga pasaydi. Natijada, kompaniyaning bozor qiymati qisqa vaqt ichida 460 mlrd dollarga qisqardi. Bu raqam uch yil avvalgi «Nvidia» umumiy kapitalizatsiyasidan ham yuqori.

Avvalroq «Nvidia» sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan chiplar bozorining 90 foizidan ortig‘ini nazorat qilar edi. Biroq 2026 yilga kelib vaziyat o‘zgarmoqda. «Alphabet», «Amazon», «Meta» va «Microsoft» kabi yirik mijozlar qimmat GPU’larga qaramlikni kamaytirish maqsadida o‘z chiplarini ishlab chiqarishni jadallashtirdi. Bu esa «Nvidia»ning an’anaviy ustunligiga bosim qilmoqda.

Raqobat yana bir yo‘nalishda ham kuchaymoqda. Maxsus ASIC-chiplar segmentida «Broadcom» yetakchilar qatoriga chiqib, kapitalizatsiyasini 1,6 trln dollarga yetkazdi va «Tesla»ni ortda qoldirdi. Shu bilan birga, «Advanced Micro Devices» ham «OpenAI» va «Oracle»dan yirik buyurtmalar oldi. Tahlilchilarga ko‘ra, AMD’ning data-markazlar segmentidagi daromadi 2026 yilda 60 foizga o‘sib, 26 mlrd dollarga yetadi.

«Nvidia» esa javob choralarini ko‘rmoqda. CES ko‘rgazmasida kompaniya rahbari Jensen Huang sun’iy intellekt modellari murakkabligi har yili o‘n baravar o‘sib borayotganini aytdi. Kompaniya yangi «Rubin» chiplar avlodini tayyorlamoqda hamda dekabr oyida «Groq» startapining yetakchi muhandislarini ishga oldi.

Shu bilan birga, moliyaviy ko‘rsatkichlar «Nvidia» uchun ijobiy qolmoqda. 2027 moliyaviy yilda kompaniya foydasi 57 foizga, savdosi esa 53 foizga o‘sishi kutilmoqda. P/E koeffitsiyenti 25 darajasida bo‘lib, bu «Nvidia» aksiyalarini ko‘plab raqobatchilarga nisbatan arzonroq qiladi. Asosiy xavflar esa marjaning vaqtinchalik pasayishi, Xitoy bozoriga bog‘liqlik va kompaniyaning S&P 500 indeksidagi ulkan ulushi bilan bog‘liq.

2025 yilning iyun oyida «Nvidia» «Microsoft»ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid