
«Nvidia» dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
26.06.2025 | 19:2043792
Sun’iy intellektga talab ortishi orqali «Nvidia» «Microsoft»ni ortda qoldirdi va dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi.

2025 yil 25 iyun kunigi birja savdolarida «Nvidia» aksiyalari 4,33 foizga oshib, $154,31 darajaga yetdi. Shu bilan kompaniya kapitalizatsiyasi 3,76 trln dollarga chiqdi. Bu ko‘rsatkich bilan u Microsoft’ni (3,66 trln dollar) ortda qoldirdi.
Kompaniya rahbari Jenseng Xuang aksiyadorlarga sun’iy intellekt infratuzilmalariga talab yuqori bo‘lib qolishini ta’kidladi. Shuningdek, u «Nvidia»ning robototexnika sohasi orqali ham trillionlab dollarlik daromad keltirish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan.
«Nvidia» so‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari uchun grafik protsessorlar ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. OpenAI, Google va Amazon kabi texnologik gigantlar kompaniya mahsulotlariga tobora ko‘proq ehtiyoj bildirmoqda. Bu esa aksiyalar qiymatining keskin o‘sishiga olib keldi.
Tahlilchilar fikricha, «Nvidia» pozitsiyasi mustahkam, ammo sun’iy intellekt bozoridagi raqobat ham kuchayib borayotganini inkor etib bo‘lmaydi.





