
Nvidia Microsoft’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi
04.07.2025 | 09:0032763
Iyun oyida Nvidia o‘zini yana dunyodagi eng qimmat kompaniya sifatida ko‘rsatdi va Microsoft’ni ortda qoldirdi. Chiplar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 3,86 trln dollarga yetdi.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning bozor qiymati 3,86 trln dollarga yetdi, bu esa Microsoft’ning 3,69 trln dollarlik qiymatiga nisbatan 4,3 foizga ko‘pdir. Ushbu o‘sishga sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish va Nvidia’ning SI chiplariga bo‘lgan talabning yanada ortishi kutilgani turtki bo‘ldi.
Shu bilan birga, Nvidia hozircha Apple’ning 2024 yil dekabrida qayd etilgan 3,92 trln dollarlik tarixiy rekordini ortda qoldirgani yo‘q. Joriy yil iyun oyi oxirida Apple kapitalizatsiyasi 3,1 trln dollar bo‘lib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Texnologiya bozorining boshqa yirik ishtirokchilari — Meta, Broadcom va Amazon ham o‘z kapitalizatsiyalarini sezilarli oshirdi. Xususan, Meta 14 foiz, Broadcom 13,9 foiz va Amazon 7 foizlik o‘sishga erishdi. Ularning bozor qiymati mos ravishda 1,86 trln, 1,3 trln va 2,33 trln dollarni tashkil etdi.
Wedbush Securities tahlilchisi Deniyel Ayvzning fikricha, bu yozda Nvidia va Microsoft 4 trln dollarlik kapitalizatsiyaga ega kompaniyalar klubiga kiradi. Uning ta’kidlashicha, keyingi 18 oyda asosiy e’tibor 5 trln dollarlik marraga qaratiladi, chunki «bu bozor hali rivojlanishning boshida turibdi va uni sun’iy intellekt inqilobi boshqarmoqda».





