add

Nvidia Nokia kompaniyasiga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi

29.10.2025 | 09:111881

Investitsiya doirasida Nvidia kompaniyaning 2,9 foiz aksiyalarini sotib oladi va 5G hamda 6G tarmoqlari sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Nvidia Nokia kompaniyasiga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Nvidia va Nokia o‘rtasida strategik investitsiya kelishuvi tuzildi. Unga muvofiq, Nvidia 166 mln dona yangi aksiyani har biri 6,01 dollar narxda sotib olib, Nokia’ning 2,9 foiz ulushiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kompaniyalar o‘zaro texnologik hamkorlikni kengaytiradi. Nvidia protsessorlari Nokia’ning 5G va 6G tarmoqlari uchun mo‘ljallangan dasturiy ta’minotini tezlashtirishda qo‘llaniladi. Shuningdek, ikki tomon data-markazlar sohasidagi tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yib, sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma yo‘nalishlarni o‘rganadi.

Ushbu investitsiya Nokia uchun kompaniyani qayta tashkil etish jarayonidagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda. Fin kompaniyasi so‘nggi yillarda data-markazlar va hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talab ortishi fonida ushbu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. 2025 yil boshida Nokia AQSHning Infinera Corp. kompaniyasini 2,3 mlrd dollarga sotib olib, bu segmentdagi pozitsiyalarini mustahkamlagan edi.

Investitsiya haqidagi xabar ortidan Nokia aksiyalari Helsinki birjasida 17 foizga qimmatladi — bu 2013 yildan buyon kuzatilmagan eng katta bir kunlik o‘sishdir.

Nvidia uchun esa bu sarmoya Yevropadagi telekommunikatsiya va sun’iy intellekt infratuzilmasiga oid yirik investitsiya dasturining davomi bo‘ldi. Kompaniya shu vaqtgacha OpenAI, avtonom transport tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalariga ham katta mablag‘lar yo‘naltirgan.

Teglar

Mavzuga oid