add

Nyu Yorkda mashhur pushti olmos 14 mln dollarga sotildi

21.06.2025 | 22:0039704

Fransiya qirolichasiga tegishli bo‘lgani taxmin qilinayotgan «Mariya-Tereziya» nomli 10,38 karatli pushti olmos Nyu Yorkda o‘tkazilgan auksionda rekord narx — 14 mln dollarga sotildi. Uning bu qadar qimmat bo‘lishi sirli kimyoviy va geologik jarayonlar bilan bog‘liq.

Nyu Yorkda mashhur pushti olmos 14 mln dollarga sotildi
Nyu York shahrida bo‘lib o‘tgan auksionda «Mariya-Tereze» deb nomlangan noyob pushti tusli olmos 14 mln dollarga sotildi. Bu narx dastlab taklif etilgan bahodan uch barobar yuqori bo‘lib, tarixiy va geologik jihatdan ham ushbu toshning noyobligini ko‘rsatadi. 15,5 gramm vaznga ega ushbu 10,38 qirotli tosh avval 1996 yili Jenevada ham sotilgan, ammo o‘shandagi bahosi noma’lum bo‘lgan. Pushti olmoslar tabiatda juda kam uchraydi. Olimlarning fikricha, bunday rang tosh tuzilmasidagi atom yotqiziqlarining murakkab deformatsiyasi natijasida paydo bo‘ladi. Yerning 150–200 km chuqurligidan bosim va harorat ta’sirida shakllanadigan ushbu tuzilmalar yorug‘likning o‘tishini o‘zgartirib, ko‘zga pushti tusda ko‘rinadi. Jahondagi bunday noyob toshlarning 90 foizi Avstraliyaning g‘arbida joylashgan Argyle konlaridan olingan. Bu mintaqadagi vulqonli struktura boshqa konlardagidan farq qiladi va aynan shu yerda shunday tusli toshlar paydo bo‘lgan. Ushbu kon 2020 yili yopilganidan keyin bozorda pushti va qizil olmoslar yanada kamyob va qimmatga aylandi. Braziliya, Hindiston, Rossiya va Janubiy Afrikada ham bunday toshlar aniqlangan, ammo ular Argyle konlariga nisbatan ancha kam chiqadi. «Mariya-Tereze» olmosi hatto pushti-binafsha tusiga ega bo‘lib, bu rang tosh tuzilmasiga vodorod singishi orqali yuzaga kelgan va uni yanada noyob qiladi. Laboratoriyada bunday toshlarni sun’iy ravishda yaratish urinishlari davom etmoqda. Infraqizil yorug‘lik va rentgen spektroskopiya kabi texnologiyalar yordamida sun’iy va tabiiy toshlarni farqlash mumkin bo‘lsa-da, tabiiy jarayondagi aniq mexanik deformatsiyani haligacha to‘liq takrorlab bo‘lmayapti. Shuning uchun ham tabiiy pushti va qizil olmoslar yer yuzidagi eng noyob va qimmatbaho toshlardan biri hisoblanadi va yaqin vaqt ichida ularning qiymati yanada ortishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Nyu Yorkda mashhur pushti olmos 14 mln dollarga sotildi | Vaqt.uz