
«Ochiq osmon O‘zbekiston aviatsiyasi rivojini tezlashtiradi» — Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi rahbari
O‘zbekiston aviatsiyasida infratuzilmani yangilash bilan birga ochiq osmon va vizani yengillashtirish sohani keskin rivojlantirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) bosh direktori Uilli Uolsh Jenevadagi suhbatda O‘zbekistonning aviatsiya infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan yirik investitsiyalarini ijobiy baholab, mamlakat yangi aeroport qurilishi va aviaparkning kengayishi orqali jadal o‘sishga tayyor ekanini bildirdi.
Uning aytishicha, bu jarayonlarda asosiy vazifa — bozorda qulaylik yaratish, raqobatni kuchaytirish va sayohatni soddalashtirish orqali talabni oshirishdir.
Uolshning ta’kidlashicha, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar tezkor investitsiyadan qo‘rqmasligi lozim, chunki bu o‘zgarishlar iste’molchilar uchun ham, iqtisodiyot uchun ham katta foydalar keltiradi. U Irlandiya tajribasini misol qilib, raqobat kuchayishi parvozlarni arzonlashtirishi, yuk tashish hajmini oshirishi va bozor faolligini kengaytirishini qayd etdi.
IATA rahbariga ko‘ra, infratuzilma yangilanishi birgina aeroport bilan cheklanmasligi kerak.
Turizmni rag‘batlantirish uchun mehmonxonalar, quruqlik transporti, qulay xizmatlar va raqobatbardosh aviatashuvchilar zarur. Shu bois u O‘zbekistonga ochiq osmon munosabatlarini kengaytirishni tavsiya qildi.
Uning fikricha, viza siyosatini yengillashtirish va vizasiz sayohatlar sonini oshirish bozor o‘sishini sezilarli tezlashtiradi. Bu, ayniqsa, turistik oqimni kuchaytirishda muhim omil hisoblanadi.
Yakuniy fikr sifatida Uolsh Ukraina atrofidagi havo hududi yopilishi mintaqaviy strategiyalarga ta’sir qilayotganini qayd etdi. Biroq umumiy manzarada u Markaziy Osiyo aviatsiya bozoridagi jarayonlarni ijobiy rivojlanish sifatida baholadi.





