add

Odamlarni qul qilib sotgan Ming oilasining 11 a’zosi qatl etildi

29.01.2026 | 21:403 daqiqa

Ming oilasining jami 39 nafar a’zosiga nisbatan sud hukmi o‘qilgan. Ularning qo‘l ostida bo‘lgan ishchilar muntazam ravishda kaltaklanib, qiynoqlarga duchor etilgan. O‘g‘irlangan odamlar qul sifatida saqlangan va ishlashga majburlangan. Qochishga uringanlar esa o‘ldirilgan.

Odamlarni qul qilib sotgan Ming oilasining 11 a’zosi qatl etildi

Xitoyda Myanmadagi firibgarlik markazlari tarmog‘ini boshqargan Ming oilasining 11 nafar a’zosiga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etildi. Bu haqda «Sinxua» agentligi xabar bermoqda.

Ayblanuvchilar 2025 yilning sentabr oyida qotillik, odamlarni noqonuniy qamash va firibgarlikda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Ikki nafar sudlanuvchi apellyatsiya bergan bo‘lsa-da, Xitoy Oliy xalq sudi o‘lim hukmini o‘z kuchida qoldirdi.

Oilaning jinoyatlari

Ming oilasining jami 39 nafar a’zosi jinoiy faoliyat olib borishda aybdor deb topilgan. BBC ga ko‘ra, Ming oilasi Myanmaning Xitoy chegarasiga yaqin joylashgan Laukkaing shaharchasini boshqargan to‘rtta urug‘dan biriga mansub bo‘lib, ular bu tinch hududni qimor o‘yinlari, giyohvand moddalar va firibgarlik markazlariga aylantirishgan.

Oxir-oqibat, Myanma hukumati bu masalaga jiddiy yondashib, 2023 yilda mazkur oilalarning ko‘plab a’zolarini hibsga olgan va ularni Xitoy huquq-tartibot idoralariga topshirgan.

Firibgarlik faoliyatidan tushgan daromad

Xitoy davlat telekanali CCTV xabar berishicha, qatl qilingan 11 nafar a’zodan tashqari, yana besh kishiga ikki yillik muhlat bilan o‘lim jazosi berilgan; 11 kishi umrbod qamoqqa hukm qilingan; qolganlari esa besh yildan 24 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Sudning aniqlashicha, 2015 yildan beri Ming oilasi va boshqa jinoiy guruhlar telekommunikatsiya firibgarligi, noqonuniy qimor o‘yinlari, giyohvand moddalar savdosi va fohishabozlik kabi jinoyatlar bilan shug‘ullanib kelgan. Ularning qimor va firibgarlik faoliyati 10 milliard yuandan (1,4 milliard AQSH dollari yoki 1 milliard funt sterling) ortiq daromad keltirgan.

Boshqa manbalarga ko‘ra, to‘rtta oilaning har birining qimorxonalari har yili bir necha milliard dollarlik mablag‘ni aylantirgani taxmin qilinmoqda.

Odamlarni qul qilib, otib tashlagan

Sud, shuningdek, Ming oilasi va boshqa jinoiy guruhlar bir nechta firibgarlik markazi xodimlarini o‘ldirib yuborishgan. Jumladan, bir voqeada ishchilarning Xitoyga qaytishiga to‘sqinlik qilish maqsadida ularni otib tashlashgan.

Dastlab Xitoy va boshqa ko‘plab qo‘shni mamlakatlarda taqiqlangan qimor o‘yinlariga bo‘lgan Xitoy talabidan foydalanish maqsadida yaratilgan Laukkaing kazinolari vaqt o‘tishi bilan pul yuvish, odam savdosi va ko‘plab firibgarlik markazlari uchun daromadli vositasiga aylangan.

BMT bu hodisani «firib pandemiyasi» deb atagan — bu yerda 100 mingdan ziyod xorijliklar, asosan xitoyliklar, majburiy mehnat bilan shug‘ullantirilib, butun dunyo bo‘ylab qurbonlarni nishonga olgan murakkab onlayn firibgarlik operatsiyalarini o‘tkazishga majburlangan.

Ming oilasi bir paytlar Myanmaning Shan shtatidagi eng nufuzli oilalardan biri bo‘lib, Laukkaingda kamida 10 000 ishchini ushlab turgan firibgarlik markazlarini boshqargan. Ularning eng badnomi «Crouching Tiger Villa» deb atalgan majmua bo‘lib, u yerda ishchilar muntazam ravishda kaltaklanib, qiynoqlarga duchor etilgan. O‘g‘irlangan odamlar qul sifatida saqlangan va ishlashga majburlangan. Qochishga uringanlar esa o‘ldirilgan.

Taqdir

Qayd etilishicha, oila boshlig‘i Min Syuyechang o‘z joniga qasd qilgan. Oilaning boshqa a’zolari esa Xitoy hokimiyatiga topshirilgan. Qatl etilganlar orasida uning o‘g‘li — Myanmadagi harbiy xuntaga sodiq chegara qo‘shinlarining sobiq qo‘mondoni Min Gopin va nabirasi Min Chjenchjen ham bor.

Firibgarlik markazlarida ishlaydigan minglab odamlar ham Xitoy politsiyasiga topshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid