
Odil sudlov akademiyasida ayollar uchun alohida qabul kvotasi belgilandi
Shuningdek, O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Sudyalar oliy kengashi tomonidan xotin-qizlar uchun kvta belgilanadi. Bu haqda Prezidentning 24-noyabr kuni e’lon qilingan farmonida keltirilgan.
Farmonga ko‘ra, Sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash maqsadida tashabbuskor sudyalar guruhi tomonidan O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.
Shuningdek, sud tizimida kamida besh yillik mehnat tajribasiga va ilmiy salohiyatga ega sudyalar qonunchilikda belgilangan tartibda Odil sudlov akademiyasiga professor-o‘qituvchi lavozimiga tayinlanganda Akademiyadagi faoliyati tugagandan so‘ng uning muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishni davom ettirishi, bo‘sh turgan sudyalik lavozimi bo‘lmagan taqdirda, roziligi bilan avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi belgilandi.





