Logo

Xitoy O‘zbekistonga qiruvchi samolyotlar yetkazib berganini tasdiqladi

Bugun 10:001 daqiqa

O‘zbekiston dunyoda Pokistondan keyin «J-10CE» samolyotlaridan foydalanuvchi ikkinchi xorijiy davlatga aylandi.

Xitoy O‘zbekistonga qiruvchi samolyotlar yetkazib berganini tasdiqladi

Xitoy O‘zbekistonga «J-10CE» ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarini yetkazib berganini rasman tasdiqladi. Bu haqda «Sina» nashri xabar berdi.

24-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida XXR Mudofaa vazirligi vakili Szyan Bin ikki davlat o‘rtasidagi harbiy aloqalar haqidagi savolga javob bergan.

Uning ta’kidlashicha, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlik xalqaro huquq normalari doirasida rivojlanmoqda va uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan.

Shu tariqa, O‘zbekiston Pokistondan keyin «J-10CE» qiruvchi samolyotlaridan foydalanuvchi ikkinchi xorijiy davlatga aylandi.

O‘zbekiston «J-10CE»larni qachon namoyish qilgan?

O‘zbekistonda «J-10CE» samolyotlari ilk bor 30-avgust kuni rasmiy videolavhalarda namoyish etilgan. Mudofaa vazirligi samolyotlarning rusumini aytmagan, ularni «havo sarhadlarimizni qo‘riqlayotgan zamonaviy qiruvchi samolyotlar» deb ta’riflagan.

Avvalroq, ayrim mudofaa nashrlari O‘zbekiston uchun 24 ta «J-10CE» bo‘yicha kelishuv tuzilganini yozgan. Biroq bu raqam hozircha O‘zbekiston hukumati yoki Xitoy Mudofaa vazirligi tomonidan rasman e’lon qilinmagan.

Aviaparkni yangilash zarurati va muqobil variantlar

Mazkur xarid O‘zbekiston harbiy havo kuchlarining jangovar aviatsiya parkini yangilash zarurati bilan izohlanmoqda.

Bundan avval O‘zbekiston Rossiyaning «Su-30SM» ko‘p maqsadli qiruvchilariga qiziqish bildirgan. 2017 yilda Toshkent delegatsiyasi Irkutsk aviatsiya zavodida ushbu samolyotlar ishlab chiqarilishi bilan tanishgan.

Teglar

Mavzuga oid