Logo

Namangandagi voqea ortidan barcha davlat bog‘chalarida tekshiruv boshlandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Namangan viloyatidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati ortidan maxsus ishchi guruh tuzdi.

Namangandagi voqea ortidan barcha davlat bog‘chalarida tekshiruv boshlandi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 yoshli qizaloqning jinsiy zo‘rlanishi ortidan maxsus ishchi guruh tuzildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, ishchi guruh voqeani atroflicha o‘rganadi, shuningdek, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqadi.

«Voqeaga aloqador hamda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan tizimdagi barcha xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tashkilotlar vakolati doirasida zarur choralar ko‘rilishi, aybdorlar jazolanishi ta’minlanadi», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Ta’kidlanishicha, ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday holatlarning boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham takrorlanishining oldini olish maqsadida maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.

Avvalroq Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan edi. Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan K.M. shu kuni protsessual tartibda ushlangan va sud tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari jabrlanuvchi bola va uning oilasiga psixologik, tibbiy, ijtimoiy hamda huquqiy yordam ko‘rsatmoqda. Bolalar ombudsmani esa ish doirasida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini kuzatib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid