add

Olimlar Quyosh sirlaridan birini ochdi

Bugun 20:4511472

Havayi orollaridagi DKIST teleskopi yordamida olimlar Quyosh tashqi atmosferasining — tojining nega millionlab darajagacha qizishini aniqlashdi. Bu kashfiyot astronomiyada yangi bosqichni boshlashi mumkin.

Olimlar Quyosh sirlaridan birini ochdi

O‘nlab yillar davomida astronomlar Quyosh sirlaridan birini hal etishga urindi: nega uning tashqi atmosferasi — toji millionlab darajagacha qiziydi, holbuki Quyosh yuzasi atigi 5500°C bo‘lsa ham?

Daily Galaxy nashrining yozishicha, bu savolga javob Havayidagi Deniel Inouye nomi berilgan DKIST teleskopi yordamida topildi. Bu teleskop — dunyodagi eng yirik yerdagi quyosh kuzatuv qurilmasi bo‘lib, u koronada ilk bor magnit to‘lqinlarni qayd etdi.

Bu nazariyani ilk bor 1942 yilda shved fizigi Hannes Alfven ilgari surgandi. U bunday elektromagnit to‘lqinlar Quyosh atmosferasini isitishini taxmin qilgan, ammo buni tasdiqlaydigan texnologiyalar yo‘q edi. Endi esa DKIST’ning maxsus Cryo-NIRSP uskunasi ushbu to‘lqinlarni bevosita aniqladi.

Tadqiqot rahbari Richard Mortonning ta’kidlashicha, «alfven to‘lqinlari doimo mavjud bo‘lib, juda katta miqdorda energiya tashiydi, shu bois ular koronani qizdirishda asosiy omil hisoblanadi». Biroq olimlar bu jarayonning yagona sababi emasligini ham qayd etmoqda. Ular magnit rekoneksiya — magnit maydonlari bir-biriga tutashib, ulkan energiya chiqarish jarayoni ham muhim rol o‘ynashini aytmoqda.

NASAning Parker Solar Probe va Yevropa kosmik agentligining Solar Orbiter missiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu ikki jarayon bir vaqtning o‘zida amalga oshib, Quyosh tojining ulkan haroratini ta’minlaydi.

Olimlar bu kashfiyot Yerdagi hayot uchun ham muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. Tojdagi jarayonlarni anglash quyosh shamoli, portlashlar va energiya chiqishini oldindan bashorat qilish imkonini beradi. Bu esa sun’iy yo‘ldoshlar, aloqa tizimlari va elektr tarmoqlarini muhofaza qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

DKIST natijalari quyosh fizikasida yangi bosqichni boshlashi mumkin. U nafaqat Quyosh tabiati haqida yangi bilimlar beradi, balki boshqa yulduzlar faoliyatini ham yaxshiroq tushunish imkonini ochadi.

Teglar

Mavzuga oid

Olimlar Quyosh sirlaridan birini ochdi | Vaqt.uz