
Olimlar yong‘in va vulqon xavfini daraxt signallari orqali bashorat qilmoqda
02.06.2025 | 19:0013623
Rossiyalik vulqonshunoslar ilk bor daraxtlar orqali vulqon faolligini oldindan aniqlash usulini ishlab chiqishganini e’lon qildi. Bu yong‘in va otqindilar xavfini erta aniqlash imkonini beradi.

Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi geofiziklar va vulkanologlar guruhi o‘rmondagi daraxtlar «telegrammalari» — ya’ni fizik-biologik o‘zgarishlar orqali vulqon faolligini oldindan bashorat qilish imkonini o‘rganmoqda. Bu haqda «VsLuh.net» nashri xabar berdi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar tabiatdagi juda sezgir organizmlardan biri hisoblanadi va ular yon atrofdagi seysmik faollikka hamda gaz chiqindilariga zudlik bilan reaksiya qaytaradi. Masalan, vulqon atrofidagi suv tarkibidagi o‘zgarish yoki gaz chiqishi daraxtlarning suv singdirish va nafas olish jarayoniga ta’sir qiladi.
Ushbu usulni amalga oshirish uchun olimlar maxsus sensorlar yordamida daraxtlarning shira oqimi, namlik darajasi va suv aylanishi ma’lumotlarini kuzatishadi. Ular bu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, o‘zgarishlardan seysmik xavf yoki yong‘in ehtimolini aniqlashmoqda.
Bu usul nafaqat vulqon faolligi, balki o‘rmon yong‘inlari xavfini ham oldindan ko‘rish imkonini beradi. U tabiiy ofatlarga qarshi kurashda yangi yo‘l ochishi mumkin, deydi mutaxassislar.
Loyiha sinovlari Kamchatka va Kuril orollaridagi faol vulqon hududlarida olib borilmoqda. Olimlar ushbu texnologiyani keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham joriy etishni rejalashtirmoqda.





