add

Olis hudud o‘quvchilariga avtobus, maktablarda sun’iy intellekt va kasbiy ta’lim islohotlari

09.09.2025 | 17:0516294

Prezident ta’limni isloh qilish bo‘yicha 2025 yilda keng qamrovli choralar dasturini tasdiqladi va amaliy vazifalar belgiladi.

Olis hudud o‘quvchilariga avtobus, maktablarda sun’iy intellekt va kasbiy ta’lim islohotlari
O‘zbekistonning olis hududlaridagi 74 mingga yaqin o‘quvchi 5–7 km masofani piyoda bosib o‘tmoqda. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 200 ta maktabda avtobus qatnovi tashkil qilindi. Bu tizimli ravishda boshqa viloyatlarga ham tatbiq etiladi. Shu bilan birga, 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etilgan bo‘lsa-da, ulardan 12 tasida hali qurilish yakunlanmagan. Yangi o‘quv yilidan sun’iy intellekt darslari joriy etiladi. Buning uchun 2 ming sinf xonasiga kompyuterlar va 6300 ta interfaol doska kerak bo‘ladi. Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek va Ibn Sino maktablari hududiy universitetlarga biriktirilib, bitiruvchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri 2-kursga o‘tishi mumkin. Kimyo va informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadalar ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bog‘cha va maktab xizmatlari raqamlashtiriladi. Hozircha 8 ming maktabda o‘quvchi qabul qilish eskicha tartibda amalga oshirilmoqda. 2025 yil yakuniga qadar barcha tumanlarda mikrohududlar belgilab, qabul, davomat, xizmatlar to‘liq raqamli formatga o‘tkazilishi shart qilindi. «Kelajak soati» darslari va «Kelajak» markazlari joriy etiladi. Ular orqali yoshlar milliy qadriyatlar, ilm-fan, san’at va sport sohalarida rivojlantiriladi. Maslahatchilar va psixologlar orqali xulq muammolari bilan ishlash, qiziqishlar bo‘yicha to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi. 598 ta texnikumda Kasbiy ta’lim agentligi orqali xalqaro standartlar joriy etiladi. Qabul kvotalari investor buyurtmasiga ko‘ra belgilanib, dual ta’lim tizimi kengaytiriladi. 2026 yildan 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizi texnikumlarga yo‘naltiriladi. Xitoy investitsiya loyihalari uchun kadrlar tayyorlashga alohida ustuvorlik beriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Olis hudud o‘quvchilariga avtobus, maktablarda sun’iy intellekt va kasbiy ta’lim islohotlari | Vaqt.uz