
Oliy Majlisda shovqindan himoya qonuni qayta ko‘rib chiqilmoqda
24.09.2025 | 13:4042444
Deputatlar tungi dam olish vaqtlari uzaytirilishi va jazolar kuchaytirishni taklif qilishmoqda. Ko‘p qavatli uylarda shovqin me’yoridan ortiq bo‘ladigan qurilish va ta’mirlash ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirilishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda jamoat xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasi va davlat xaridlarida qonuniylikka oid qator qonun loyihalari muhokama etildi.
Deputatlar avvalo «Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Loyiha siyosiy partiyalar fraksiyalari, jamoatchilik kengashi va soha mutaxassislari takliflari asosida tayyorlangan.
Hujjatga ko‘ra, fuqarolarning tinchligini buzmaslik maqsadida amaldagi «shovqinsiz vaqt» 23:00 dan 06:00 gacha emas, balki 23:00 dan 07:00 gacha qilib belgilash taklif qilinmoqda. Dam olish va bayram kunlarida esa ushbu muddat tungi 22:00 dan 09:00 gacha uzaytirilishi mumkin. Shu vaqt oralig‘ida tinchlikka xalaqit bergan shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarda shovqin me’yoridan ortiq bo‘ladigan qurilish va ta’mirlash ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi yuzasidan qator savollar va takliflar bildirildi. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi deputati Saydullo Azimov ommaviy sport va madaniy tadbirlar uchun belgilangan mezonlarni aniqlashtirish zarurligini qayd etdi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo G‘aforov bu savolga atroflicha javob berdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi ayrim nomuvofiqliklarni bartaraf etish va yanada takomillashtirish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Yangi tahrirda tayyorlangandan so‘ng, hujjat Qonunchilik palatasining keyingi majlisida ko‘rib chiqilishi belgilandi.





