
Oliy ta’lim vaziri 10 ta oliygohda ikki yil davomida korrupsiya aniqlanmaganini aytdi
Qo‘ng‘irotboy Sharipovga ko‘ra, avval qoniqarsiz deb baholangan oliy ta’lim muassasalarida amaliy choralar ko‘rilgani sabab korrupsiyaviy holatlar qayd etilmagan.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi past deb baholangan 10 ta oliy ta’lim muassasasida keyingi ikki yil davomida biror marta ham korrupsiyaviy jinoyat qayd etilmadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov ma’lum qildi.
Vazir 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida so‘zga chiqib, 2023 yilda o‘tkazilgan maxsus so‘rovnoma natijalari haqida axborot berdi. Unda 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha reytingi shakllantirilgan.
«Reytingda qoniqarsiz natija ko‘rsatgan oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonlarida korrupsiyaviy xavflarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan. Ta’kidlash joizki, reytingda qoniqarsiz deb topilgan 10 ta oliy ta’lim muassasalarida 2024−2025 yillar mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar qayd etilmagan», — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Korrupsiya holatlari aniqlanmagan oliygohlar qatoriga Toshkent davlat stomatologiya instituti, Urganch davlat pedagogika instituti, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti, Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon va Olmaliq filiallari, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali, Toshkent kimyo-texnologiyalar institutining Shahrisabz filiali hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filiali kiritilgan.
Qayd etilishicha, ushbu natijalar asosida mazkur oliygohlarda korrupsiyaga qarshi kurashish darajasi «qoniqarli»dan «yaxshi» toifaga o‘tkazilgan. Ayni paytda barcha oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholaydigan yagona raqamli platforma yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.





