
Oliy ta’limda qabul «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida tashkil etiladi
21.07.2025 | 13:159073
Prezidentning PF–114-sonli farmoniga muvofiq, 2025 yildan boshlab bakalavriatga qabul jarayonlari «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiqlashtiriladi. Shuningdek, Turin politexnika universitetida xorijiy dasturlar asosida ta’lim berish kengaytiriladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 19 iyuldagi PF–114-sonli farmoni bilan oliy ta’lim sohasidagi ayrim me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi Ushbu farmon oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tizimida yangicha yondashuvlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Endilikda oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilish jarayonlari «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bu tizim abituriyentlar bilimini birinchi navbatda test sinovlari orqali baholash, keyin esa yo‘nalish tanlash imkonini berishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ta’lim jarayoni yanada xalqarolashtiriladi. Endi talabalar faqat Turin politexnika universiteti (Italiya) dasturlari asosida emas, balki boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv rejalari asosida ham tahsil oladi.
Bu o‘zgarishlar mamlakat oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Mazkur chora-tadbirlar yoshlarga ta’lim olishda teng va shaffof imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident farmonida belgilangan yangiliklar rasmiy nashrlarda e’lon qilingan va amaliyotga joriy etilmoqda.





