
Oliygohlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari boshlandi
2025 yilgi o‘quv yili uchun talabalarning o‘qishini ko‘chirish jarayonlari rasman boshlandi. Davlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirishda yangi shartlar, muddatlar va talablar belgilandi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish uchun arizalarni qabul qilish jarayoni 15 iyuldan boshlanib, 5 avgustga qadar davom etadi.
Davlat oliygohining biridan boshqasiga o‘qishni ko‘chirishni istaganlar transfer.edu.uz orqali murojaat qilishlari mumkin. Xorijiy mamlakatlarda yoki respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va xususiy OTMlardan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish istagidagi talabalar esa my.uzbmb.uz orqali murojaat yo‘llaydilar.
Ayni paytda, turmush qurib, turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash hududiga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar hamda ota-onasi yoki turmush o‘rtog‘ining ish joyi o‘zgargan talabalar tegishli vazirlikdan tavsiyanoma olgan holda imtihonsiz tartibda o‘qishni ko‘chirishlari mumkin.
Xorijda yoki xususiy universitetlarda o‘qiyotgan talabalar esa faqat imtihon orqali davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chira oladilar. Bu tartib talabalar o‘rtasidagi ta’lim sifatini saqlash va adolatli tanlovni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Barcha talabalar belgilangan muddat ichida arizalarini elektron tarzda topshirishlari va zarur hujjatlarni tayyorlashlari lozim. Tasdiqlangan holatda ular yangi o‘quv yilidan boshlab yangi ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettiradilar.





