add

Oliygohlarning milliy reytingi e’lon qilib boriladi

Bugun 15:152 daqiqa

Milliy reyting oliygohlar kontingentiga qarab ijtimoiy-gumanitar, amaliy, tibbiyot hamda ijod va sport yo‘nalishlari bo‘yicha toifalanadi.

Oliygohlarning milliy reytingi e’lon qilib boriladi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini baholashning yagona va tizimli mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibini belgilaydigan nizom loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat ta’lim sifati, boshqaruv samaradorligi va jamoatchilik ishonchiga asoslangan baholashni yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutadi.

Reytingni shakllantirish

Loyihaga ko‘ra, milliy reytingda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, kamida uch yil faoliyat yuritgan va bitiruvchilari mavjud bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etadi. Oliy harbiy va harbiylashtirilgan, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari reytingdan mustasno qilinadi.

Reyting agentlikning maxsus dasturiy ta’minoti — yagona platforma orqali yuritilib, ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari, oliygohlar taqdim etadigan ma’lumotlar hamda xalqaro ma’lumotlar bazalari asosida shakllantiriladi. Ma’lumot manbalari va verifikatsiya usullari ochiq ko‘rsatilishi shart.

Oliy ta’lim tashkilotlari har yili 1-fevralga qadar zarur ma’lumotlarni platformaga joylashi lozim. Belgilangan muddatda taqdim etilmagan ma’lumotlar reyting hisob-kitoblarida inobatga olinmaydi. Kiritilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun oliygoh rahbari shaxsan javobgar etib belgilangan.

Toifalar va natijalar

Loyihada umummilliy so‘rovnoma natijalarini reytingda hisobga olish nazarda tutilgan. So‘rovnoma har yili 1-iyunga qadar o‘tkazilib, unda talabalar, professor-o‘qituvchilar va ish beruvchilar ishtirok etishi mumkin.

Natijalar faqat oliygohda talabalar va professor-o‘qituvchilarning kamida 20 foizi qatnashgan taqdirda inobatga olinadi. Milliy reyting oliygohlar kontingentiga qarab ijtimoiy-gumanitar, amaliy, tibbiyot hamda ijod va sport yo‘nalishlari bo‘yicha toifalanadi. Toifalarni har yili iyul oyiga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilaydi.

Reyting natijalari ball to‘plash asosida hisoblanib, har yili 31-oktabrga qadar agentlikning rasmiy veb-sayti va OAVda e’lon qilinadi. Asosli shubha va dalillar mavjud bo‘lsa, yolg‘on ma’lumot taqdim etilgan reyting natijalari bekor qilinib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin. Oliygohlar e’lon qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida natijalar bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega.

Teglar

Mavzuga oid