
Olmaotada o‘zbekistonliklar halok bo‘lgan hostel fojiasi bo‘yicha hukm e’lon qilindi
10.07.2025 | 21:406043
Qozog‘istonning Olmaota shahrida 13 kishining umriga zomin bo‘lgan hosteldagi yong‘in ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. Qurbonlar orasida ikki nafar o‘zbekistonlik ham bo‘lgan.

2023 yil 30 noyabr kuni Olmaotadagi hostelda sodir bo‘lgan va 13 inson hayotiga zomin bo‘lgan yong‘in ishi yuzasidan Qozog‘iston sudi 10 iyul kuni hukm e’lon qildi. Almalin tuman sudi hostel rahbari Adilbek Muxamedyarov va yong‘in signalizatsiyasi uchun mas’ul Aleksandr Pekelnikni aybdor deb topdi.
Muxamedyarov yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzib, ehtiyotsizlik ortidan ikki va undan ortiq shaxsning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U tergov davrida bir yarim yil davomida qamoqda va uy qamog‘ida saqlangan — bu muddat hukmda hisobga olindi.
Signalizatsiya o‘rnatish ishlarini nazorat qilmagan va sifatsiz qurilmalardan foydalangan Aleksandr Pekelnik esa 4 yilga qamaldi. Sud aniqlashicha, o‘rnatilgan yong‘in ogohlantirish tizimi talab darajasida ishlamagan va hodisadagi halokatni oldini olish imkoni bo‘lmagan.
Hostelda yong‘in sodir bo‘lgan paytda 72 kishi bo‘lgan, ulardan 59 nafari voqea joyidan mustaqil ravishda chiqib keta olgan. Qurbonlar orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi — 2000 yilda tug‘ilgan N.A. va S.K. borligi rasman tasdiqlangan.
Marhumlarning qarindoshlari va jabrlanuvchilar ta’kidlashicha, hostel faoliyati boshlanishiga bor-yo‘g‘i bir yarim oy bo‘lgan, ammo xavfsizlik talablariga mutlaqo rioya qilinmagan.





