
Olmon kompaniyalari o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitish va ishga jalb qilishdan manfaatdor
13.07.2025 | 19:3018624
«BILD» nashri Germaniyadagi kasbiy ta’lim va ish imkoniyatlari haqida yozdi.

Germaniyaning mashhur «BILD» gazetasi 13 iyul kuni Saksoniya-Anhalt federal yer kompaniyalari o‘zbekistonlik yoshlarni kasbiy o‘qish va ishga qabul qilishga qiziqish bildiryotgani haqida maqola chop etdi.
Matnda qayd etilishicha, «Papenburg AG» va «Askania Future GmbH» kompaniyalari bu yo‘nalishda katta tajribaga ega. Xususan, «Papenburg AG» rahbari Angela Papenburg bugungacha 60 nafar o‘zbekistonlik yosh yigit va qiz «yuk mashinasi haydovchisi» mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgani va ishga joylashganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Germaniyada bu sohada mutaxassislarga talab yuqori bo‘lib, ichki bozorda yetarli kadr topish mushkul.
Shuningdek, «Askania Future GmbH» kompaniyasi kelgusi yillarda 1750 nafar o‘zbekistonlik yoshlarni Germaniyada turli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishni rejalashtirmoqda. Bu mutaxassisliklar qatoriga hamshira, quruvchi, elektrik va yuk mashinasi haydovchisi kiradi. Dastlab yoshlar O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishadi va B1 darajadagi sertifikat olgandan so‘ng Germaniyada dual ta’lim tizimida o‘qishni boshlaydilar.
Kompaniya rahbari Ingo Yung ta’kidlashicha, shu maqsadda 50 nafarga yaqin o‘zbekistonlik nemis tili o‘qituvchisi Germaniyada malaka oshirgan. Germaniyaning kasbiy ta’lim instituti eksperti Aleksandr Shtudtxoff bunday dasturlarni samarali deb baholagan.
Germaniyaning logistika va tashish sohasidagi professor Dirk Engelxardt esa nemis tilini yaxshi biluvchi xorijiy mutaxassislar uchun Germaniya mehnat bozorida keng imkoniyatlar borligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, mamlakat kasaba uyushmalari mehmon mutaxassislar uchun maslahat markazlarini tashkil etish va turar joy masalasida ko‘mak berishni taklif qilmoqda.





