add

Oltin 10 ming dollarga yetadimi? — «Yardeni»dan uzoq muddatli prognoz

Kecha 08:562 daqiqa

«Yardeni Research» geosiyosiy keskinlik, harbiy xarajatlar va texnologiyalar poygasi fonida oltin narxi 2029 yilga borib 10 ming dollargacha chiqishi mumkinligini ma’lum qildi.

Oltin 10 ming dollarga yetadimi? — «Yardeni»dan uzoq muddatli prognoz

«Yardeni Research» tahlilchilariga ko‘ra, oltin narxining hozirgi o‘sishi alohida omil emas, balki keng qamrovli «geosiyosiy xatar savdosi»ning bir qismi hisoblanadi, deb yozmoqda «Investing». So‘nggi bir yilda oltin bilan bir qatorda boshqa qimmatbaho metallar, sanoat metallari va nodir elementlar narxi ham keskin oshdi.

«Bularning barchasi o‘sib borayotgan geosiyosiy taranglik qurollanish poygasini rag‘batlantirishi, mudofaa kompaniyalariga esa ishlab chiqarishni o‘stirish uchun metallar kerak bo‘layotgani uchun sodir bo‘lmoqda. Ularning aksiyalari ham jadal o‘smoqda», — deyiladi tahlilchilarning tushuntirish xatida.

Yardeni ta’kidlashicha, oltinga talab endi faqat «xavfdan himoya aktivi» sifatida emas, balki global siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarga javob sifatida ham shakllanmoqda. Shu sabab narx dinamikasi boshqa tovar segmentlariga ham tarqalgan.

 

Harbiy va SI omili

Tahlilda metallar bozoriga ta’sir qilayotgan yana bir muhim omil sifatida sun’iy intellekt sohasidagi geosiyosiy raqobat ko‘rsatilgan. Bu raqobat texnologik sektorda kapital sarflarining o‘sishiga olib kelmoqda va natijada sanoat metallariga bo‘lgan talab ortayapti.

Bu tendensiyani AQSH prezidenti Donald Trampning mudofaa xarajatlarini keskin oshirish rejasi ham kuchaytirdi. U 2027 yilgacha harbiy budjetni 906 mlrd dollardan 1,5 trln dollarga yetkazishni taklif qildi va buni «xavfli va notinch davrlar» bilan izohladi.

«Yardeni»ning qayd etishicha, AQSHning Venesuela bo‘yicha qadamlari, Grenlandiyada harbiy bazalar masalasidagi muzokaralar va Eron atrofida harbiy faollikning oshishi metallar bozoridagi o‘sishni yanada tezlashtirgan.

 

Uzoq muddatli prognoz

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, oltin, kumush, platina, palladiy va qalay narxlari yil boshidan buyon S&P GSCI tovar indeksiga nisbatan tezroq o‘sgan. Shu bilan birga, sanoat metallariga bog‘liq ETFlar ham yuqori dinamikani saqlab qolmoqda.

«Yardeni», shuningdek, rivojlanayotgan bozorlar ETFlari xomashyo narxlari bilan kuchli korrelyatsiya namoyon qilayotganini qayd etgan va 2025 yil oxiridan bu segmentga «overvayt» tavsiyasini bergan.

Kompaniya uzoq muddatli oltin prognoziga sodiq qolmoqda: tahlilga ko‘ra, oltin narxi 2026 yil oxirigacha 6 ming dollarga, 2029 yil oxiriga kelib esa 10 ming dollarga yetishi mumkin. Bu prognoz geosiyosiy xavflar saqlanib qolishi va xomashyo bozorlaridagi bosim davom etishiga asoslangan.

Teglar

Mavzuga oid