O‘zbekiston yarim yildan beri oltin sotmayapti

Bugun 19:201 daqiqa

Oltin sotuvi amalga oshirmagani sabab eksport qariyb 30 foizga pasayib ketdi. Bunaqasi 2023-yildan beri birinchi marta kuzatildi.

O‘zbekiston yarim yildan beri oltin sotmayapti

2026-yilning I choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga ko‘paydi.

Biroq, tashqi savdoda eksport hajmi 29,3 foizga pasayib, 5,8 mlrd dollarga tushib ketdi. Import esa uch oyda aksincha, 30,8 foizga o‘sib, 12,2 mlrd dollarga yetdi.

Xitoy birinchi o‘rinni mustahkamlamoqda

Mamlakat tashqi savdosida Xitoyning yetakchiligi tobora kuchayib bormoqda. I chorakda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo 4,6 mlrd dollar bo‘ldi. Bu tashqi savdoning to‘rtdan birini tashkil qiladi.

Ikkinchi o‘rinda hamon Rossiya bormoqda — uch oyda 3,3 mlrd dollar. Kuchli uchlikni 1,3 mlrd dollar bilan Qozog‘iston egallab turibdi.

Asosiy 20 ta savdo hamkorlarining barchasi bilan O‘zbekiston tashqi savdosi 2025-yilga nisbatan o‘sish qayd etdi.

Yarim yildan beri oltin sotilmayapti

O‘zbekiston mart oyida ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Oxirgi marta oltin 2025-yilning sentabr oyida eksport qilingan edi.

2025-yilning I choragida allaqachon 3,6 mlrd dollar oltin sotilgandi. Bu 2026-yilda eksportni kamroq shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Mart oyida oltin narxlari sotuv uchun jozibador bo‘lmagandi. Oy davomida narxlar unsiya uchun 5 300 dollarga yaqin ko‘rsatkichdan, 4 400 dollargacha tushib ketdi.

Biroq, avvalgi oylarda oltin narxi tarixiy rekord darajada bo‘lib, sotish uchun qulay narxda edi.

Markaziy bank oltin sotilmayotganini sotuvlar oltin zaxiralariga ta’sir qilishi, hozirda zaxiralarni yuqori ko‘rsatkichlarda ushlab turish muhim ekani bilan izohladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston yarim yildan beri oltin sotmayapti | Vaqt.uz