
Oltin narxi 3500 dollardan oshib, yangi rekord yangiladi
02.09.2025 | 11:1540743
Jahon bozorida oltin narxi tarixiy yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Investorlar bu qimmatbaxo metallni global noaniqlik va inflyatsiya xavfiga qarshi eng ishonchli vosita sifatida ko‘rmoqda.

Seshanba kuni ertalabki savdolarda oltinning narxi 3508,7 dollargacha ko‘tarilib, keyin 3497 dollar atrofida mustahkamlandi. Bu aprelda qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdan ham yuqori bo‘ldi.
Muttaxassislar narxlar o‘sishini dollarning zaiflashishi va AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishiga oid kutilmalar bilan izohlamoqda. Prezident Donald Trampning «ozodlik kuni» tariflari ham bozordagi beqarorlikni kuchaytirdi. Shu bilan birga, Trampning Federal zaxira rahbariyatiga bosim o‘tkazishi va gubernator Liza Kukni lavozimdan ozod etishga urinishi moliyaviy tizim barqarorligi yuzasidan xavotirlarni oshirdi.
BNP Paribas’ning tovarlar strategiyasi direktori Devid Uilson «hozirgi vaziyat oltin uchun mukammal imkoniyat yaratayapti» deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy noaniqlik yuqori darajada bo‘lib, metallga talab keskin oshib ketgan.
Goldman Sachs tahlilchilari oltinning bir troy unsiyasi 2026 yil o‘rtasiga qadar 4000 dollarga chiqishini bashorat qilmoqda. Bank hisobotlariga ko‘ra, ayni paytda oltinga yirik mablag‘lar yo‘naltirilayotgan ETF fondi talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda markaziy banklar zaxiralarini ko‘paytirib, metall dollarning ortidan ikkinchi eng yirik zaxira vositasiga aylandi. Hindiston, Xitoy, Turkiya va Polsha kabi davlatlar eng yirik xaridorlardan bo‘ldi.
So‘nggi ikki yil ichida oltin narxi qariyb ikki barobar oshgani qayd etilmoqda. Bu esa xalqaro moliya tizimidagi «de-dollarizatsiya» jarayoni kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.





