add

Oltin qazib olinadi, lekin imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti

2024 yilda O‘zbekistonda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish 200 million dollardan oshdi, eksport esa 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetdi. Biroq sohada hanuz «soya» iqtisodiyoti ustun ekanligi qayd etildi.

Oltin qazib olinadi, lekin imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti
Joriy yilda mamlakatda zargarlik sohasi sezilarli o‘sishga erishdi — ishlab chiqarish hajmi 200 million dollardan oshdi, eksport ko‘rsatkichlari esa 17 foizga o‘sib, 92 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, O‘zbekistonda yiliga 100 tonnadan ortiq oltin qazib olinayotganiga qaramay, uning imkoniyatlaridan hali ham to‘liq foydalanilmayapti — o‘ndan biri ishga solinmoqda, xolos. Sohada hanuz “xufiyona” iqtisodiyot ulushi yuqori. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili 550–600 million dollarlik tilla buyumlar norasmiy bozorlarda aylanadi. Shuningdek, 2020 yilda mustaqil izlovchilar tomonidan 40 kilogramm oltin rasmiy ravishda topshirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 100 barobarga kamaygan. Prezident yig‘ilishda ushbu muammolarga yechim sifatida bir qator takliflarni ma’qulladi. Jumladan, yakka tadbirkorlarga tilla buyumlari bilan savdo qilish huquqini berish, shu orqali sohani «soya»dan chiqarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, zargarlikda milliy brend yaratish maqsadida xorijdan dizaynerlar, texnologlar va gemmologlarni jalb etish, ularning xarajatlarini qisman davlat hisobidan qoplash bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi. Prezident mazkur choralar orqali sohani qonuniy va raqobatbardosh yo‘lga solish mumkinligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid