
Oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxi qancha?
Markaziy bank 2026 yildan boshlab oltin quymalarini sotish narxlari bilan birgalikda qaytarib sotib olish narxlarini ham e’lon qilmoqda. Sotish va sotib olish orasidagi farq — 4,9 foizgacha.

Markaziy bank 2026 yil 5-yanvar kuni uchun oltin quymalarining narxlarini e’lon qildi. Unda birinchi marta quymalarning qaytarib sotib olish narxlari ham ma’lum qilindi.
Oltin quymalarining sotish va sotib olish narxi o‘rtasidagi farq 3,9 foizdan 4,9 foizgacha bo‘lmoqda. Qadog‘i but holatdagi quymalar sotish narxidan 3,9 foizga kamroq narxda sotib olinayotgan bo‘lsa, texnik talablarga mos kelmaydigan quymalar 4,9 foiz arzonroq narxda sotib olinmoqda.

5-yanvar holatiga ko‘ra, 100 gr oltin quyma banklarda 174,7 mln so‘mdan sotilmoqda. Dekabr oyida bu quyma rekord narxda — qariyb 180 mln so‘mdan sotilgandi.
100 gr ko‘rinishdagi oltin quymalar ilk marta 2025 yil yanvarida, 116,6 mln so‘m narx bilan sotuvga chiqarilgan edi.
Mamlakatdagi hamma bank ham oltin quymalarini sotavermaydi. Qaysi bankdan quyma sotib olish mumkinligini Markaziy bankning rasmiy saytidan bilib olish mumkin.
2026 yil narx qanday bo‘ladi?
Ayni paytda jahon bo‘yicha oltin narxi troya unsiyasida 4 400 dollar atrofida bo‘lib turibdi.
Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonida 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida.
Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 gr ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.
Oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilin investitsiya kiritish haqida bu yerda o‘qish mumkin.





