add

Oltin va kumush narxlari quladi: bunga Xitoyning nima aloqasi bor?

Bugun 08:402 daqiqa

30-yanvar kungi savdolarda kumush o‘z tarixidagi eng yirik — 26 foizlik qulashni qayd etdi, oltin esa so‘nggi 10 yil ichida eng yomon natijasini ko‘rsatdi.

Oltin va kumush narxlari quladi: bunga Xitoyning nima aloqasi bor?

Qimmatbaho metallar narxi yirik bozor ishtirokchilari, jumladan, xitoylik investorlar tomonidan kuchaygan spekulyativ talab ortidan kuzatilgan jadal o‘sish davridan so‘ng, keskin tushib ketdi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Qimmatbaho metallar bozoridagi keskin qulash

30-yanvar kuni kumush kotirovkalari 26 foizga quladi — bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng yirik bir kunlik pasayish bo‘ldi. Oltin esa 9 foizga arzonlashib, so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida eng yomon dinamikani ko‘rsatdi. Bungacha bozor xitoylik spekulyantlar — chakana investorlardan tortib yirik xomashyo fondlarigacha bo‘lgan ishtirokchilarning ommaviy xaridlari evaziga faol o‘sish darajasini ko‘rsatgan edi.

Dollar mustahkamlanishi va bozorning «qizib ketishi»

Bozor ishtirokchilari ushbu qulashni bir necha omil bilan izohlamoqda. Asosiy sabablardan biri — Kevin Uorsh AQSH Federal zaxira tizimi rahbari etib tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida dollar kursining mustahkamlanishidir. Shu bilan birga, investorlar bozorda «haddan tashqari qizib ketish» belgilari paydo bo‘lganini ham ta’kidlamoqda.

Osiyo bozorlarida treyderlar foydani faol ravishda qayd etishga kirishgan. Oltin va kumushga ixtisoslashgan eng yirik birja fondi rekord savdo hajmlarini ko‘rsatdi. Ayrim Xitoy banklari esa oltin operatsiyalari bilan bog‘liq xatarlarni cheklash choralarini joriy etganini ma’lum qilgan.

Xitoy bozori va talab dinamikasi

«Shenzhen Guoxing Precious Metal Co» kompaniyasida xatarlarni boshqarish bo‘limi rahbari Lyu Shunminning aytishicha, Xitoyda qamariy Yangi yil arafasida oltinga bo‘lgan jismoniy talab yuqoriligicha qolmoqda. Biroq kumush bozorida investorlar hozircha ehtiyotkorlik bilan kuzatuv pozitsiyasini tanlagan.

Avvalroq, geosiyosiy taranglik fonida oltin narxi bir unsiya uchun 5600 dollardan, kumush esa 119,51 dollardan oshib, tarixiy rekordlarni yangilagan edi. Ammo jadal o‘sishdan keyingi foyda qayd etilishi bozorni keskin pastga burdi.

Teglar

Mavzuga oid