Onlayn qimor o‘yinlarini reklama qilgan blogerlar javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgan blogerlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator blogerlar qimor o‘yinlarini targ‘ib qilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan axborot resurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklamalarning amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari olib borilgan.
Tahlillar davomida bir necha yuz minglab kuzatuvchilariga ega sahifalarda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar reklama qilingani qayd etilgan. Xususan, sahna ko‘rinishlari orqali joylashtirilgan video-roliklarda mazkur xizmatlar ochiq tarzda targ‘ib etilgan.
Qo‘mita tomonidan bu kabi kontentlar bloger F.Sh va D.B'ga tegishli ekani aniqlangan. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bukmekerlik xizmatlari reklama qilingan holatlar kuzatilgan.
Qonunbuzarlik holatlari yuzasidan blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan va tegishli hujjatlar sud organlariga taqdim etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq mamlakat hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bunday faoliyatni targ‘ib etish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.





