
OpenAI ChatGPT’da reklama joriy qiladi: 1000 ta ko‘rish — 60 dollar
Kompaniya avvalroq foydalanuvchi ma’lumotlarini hech qachon reklama beruvchilarga sotmaslikka va’da bergan.

OpenAI kompaniyasi ChatGPT chat-botida reklama sotishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Bu haqda «The Information» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, belgilangan tarif har 1000 ta ko‘rish uchun taxminan 60 dollar bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich «Meta» platformalaridagi o‘rtacha reklama narxidan qariyb uch barobar qimmat hisoblanadi.
Reklama tahlili va ma’lumotlar cheklovi
Shu bilan birga, OpenAI reklama beruvchilarga kampaniya samaradorligi bo‘yicha Google yoki Meta’ga qaraganda ancha kam ma’lumot taqdim etadi. ChatGPT’ning ilk hamkorlari faqatgina «umumiy» statistikani, masalan, integratsiyalarning jami ko‘rilishi yoki havolaga bosishlar sonini olishlari mumkin. Reklamadan keyingi harakatlar, xususan, xaridlar amalga oshirilgani haqidagi batafsil ma’lumotlar hozircha berilmaydi.
Kompaniya kelajakda reklama beruvchilar uchun kengroq tahliliy imkoniyatlarni yaratishi mumkinligini inkor etmagan. Biroq, nashrning eslatishicha, OpenAI avvalroq foydalanuvchi ma’lumotlarini hech qachon reklama beruvchilarga sotmaslikka va ChatGPT’dagi suhbatlar maxfiyligini saqlashga va’da bergan.
Kimlarga va qachon reklama ko‘rsatiladi
OpenAI yanvar oyi o‘rtalarida ChatGPT’ga reklama joriy etilishini ma’lum qilgan. Hozircha bu o‘zgarish AQSHdagi ayrim foydalanuvchilarga tegishli bo‘ladi. Kompaniya ushbu qarorni chat-botni rivojlantirish va uning yuqori xarajatlarini qoplash uchun daromadlarni oshirish zarurati bilan izohladi.
Ilk reklamalar yaqin haftalar ichida chat-botning bepul versiyasi hamda oyiga 8 dollar turuvchi arzonlashtirilgan ChatGPT Go tarif rejasidan foydalanuvchilar uchun ko‘rina boshlaydi. 18 yoshga to‘lmaganlar uchun hamda ruhiy salomatlik yoki siyosat kabi nozik mavzular muhokama qilinayotgan chatlarda reklama ko‘rsatilmaydi.





