
«Oqibati yomon bo‘ladi» — Tramp Afg‘onistonga tahdid qildi
21.09.2025 | 17:001724
AQSH prezidenti Donald Tramp Afg‘oniston Bagrom aviabazasini qaytarmasa, jiddiy oqibatlar bo‘lishini aytdi va «Tolibon»ga ochiq tahdid yo‘lladi.

Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozishicha, agar Afg‘oniston Bagrom bazasini AQSHga qaytarmasa, «yomon ishlar» sodir bo‘ladi. U, shuningdek, bazani Pentagon nazoratiga qaytarish uchun harbiy kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmadi.
Prezidentning bayonoti Britaniyaga safari paytida e’lon qilindi. Ortidan «Tolibon» harakati AQSH bilan muloqotga tayyorligini bildirib, ammo mamlakatda xorijiy qo‘shinlarga joy yo‘qligini ma’lum qildi.
Bagrom aviabazasi Afg‘onistonning Parvon viloyatida joylashgan bo‘lib, u 1950 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan qurilgan. Keyinchalik bazani AQSH modernizatsiya qildi. U uzoq yillar davomida sovet va NATO qo‘shinlari, 2001–2021 yillarda esa AQSH armiyasi uchun asosiy platsdarm bo‘lgan. Baza tarkibida yirik qamoqxona, restoranlar va savdo do‘konlari ham faoliyat yuritgan.
2021 yilda AQSH Afg‘onistondan chiqib ketgach, baza nazorati Kobul hukumatiga o‘tdi. Ammo Ashraf G‘anining hukumati «Tolibon» bosimiga chidamay quladi va baza to‘liq harakat qo‘liga o‘tdi. Shundan so‘ng «Tolibon» unda harbiy parad ham o‘tkazgan edi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, Bagrom bazasini AQSH nazoratiga qayta olish o‘ta qiyin. Bunga minglab askarlar, zamonaviy mudofaa tizimlari va ulkan mablag‘ talab etiladi.
Trampning bu kabi bayonotlari ilgari ham shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. U avval Panama kanalini nazoratga olish va Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olish haqidagi gaplari bilan e’tibor qozongan edi.
Shunga qaramay, Tramp jurnalistlar savoliga aniq javob bermay, «yaqin vaqtda nima bo‘lishini ko‘rasizlar», deya javob qaytardi.





