
O‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun oliy ta’limga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi
22.09.2025 | 11:4517443
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisida abituriyentlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar belgilab berildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlar bo‘yicha qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi. Bu tanlovda 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, ammo talaba sifatida qabul qilinmagan yoshlar ishtirok etadi.
Shuningdek, ikkinchi bosqichda oliy ta’lim muassasasi yoki yo‘nalish tanlamagan abituriyentlarga ham o‘qish imkoniyati yaratiladi. Qarorga muvofiq, kirish imtihonlari natijalari asosida yoshlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimi joriy etiladi.
Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun alohida grant va to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi. Bu orqali hudud yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oshirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, respublikamizda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ham davlat buyurtmalari tasdiqlandi. Bu esa raqobat muhitini kuchaytirish va sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Prezident granti uchun ajratilgan kvotalarning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti hamda davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul natijalari ham ma’qullandi. Mazkur qaror yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni yanada kengaytirish va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.





