add

O‘qituvchilar aholini ro‘yxatga olish ishlariga majburiy jalb qilinyaptimi?

Bugun 15:122 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘qituvchilar aholini ro‘yxatga olish ishlariga majburiy jalb qilinayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy bayonot berdi.

O‘qituvchilar aholini ro‘yxatga olish ishlariga majburiy jalb qilinyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchilar aholini ro‘yxatga olish ishlariga majburiy jalb qilinayotgani haqidagi xabarlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazgan.

Bayonotda keltirilishicha, Beruniy tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab misolida holat tahlil qilingan. Aniqlanishicha, mazkur maktabda jami 76 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi va jamoa to‘liq tarzda aholini ro‘yxatga olish jarayonidan o‘tgan. Shu bilan birga, o‘qituvchilarga o‘quvchilarning ota-onalarini yoki boshqa fuqarolarni ro‘yxatga olish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, pedagog xodimlar qo‘shimcha yoki majburiy ishlarga jalb etilmagan. Ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar faqat o‘z xizmat vazifalari doirasida faoliyat olib borishi lozimligi, ularga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani ta’kidlangan.

Maʻlumot uchun, aholini ro‘yxatga olish tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19-sentabrdagi farmoni asosida amalga oshiriladi. Unga muvofiq, 2026 yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar mamlakat bo‘ylab “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Farmonda belgilanishicha, ushbu jarayonni amalga oshirish mahalla yettiligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, ta’lim muassasalari va pedagog xodimlar bunga jalb etilmaydi.

Shu bilan birga, vazirlik ta’lim tizimida xodimlarni majburiy ravishda boshqa ishlarga jalb qilish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor eslatdi. Bunday holatlar aniqlansa, ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid