add

O‘quv sifatini yetarlicha ta’minlay olmaganimiz sabab sirtqi ta’lim tugatildi — Oliy ta’lim vaziri

30.06.2025 | 10:4530054

O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli rasman bekor qilindi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu qaror ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolar tufayli qabul qilinganini ta’kidladi. Shu bilan birga, masofaviy va uzaytirilgan ta’lim imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

O‘quv sifatini yetarlicha ta’minlay olmaganimiz sabab sirtqi ta’lim tugatildi — Oliy ta’lim vaziri
O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’limga qabul to‘xtatildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ta’kidlashicha, sirtqi ta’lim sifati talab darajasida ta’minlanmagani bu qarorga asos bo‘lgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, sirtqi ta’limda talabalar asosan ish bilan band bo‘lib, darslarga to‘liq qatnasholmayapti. «Biz bu yo‘nalishda ta’lim sifatiga to‘liq kafolat bera olmayapmiz. Bu holatni yashirishning hojati yo‘q», dedi u. Qo‘ng‘irotboy Sharipov sirtqi ta’lim o‘rnida masofaviy va uzaytirilgan ta’lim turlari rivojlantirilayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, masofaviy ta’limda nazorat kuchaytiriladi. Talabalar kundalik darslarga kompyuter orqali kirishlari kerak bo‘ladi. Agar ular o‘rniga boshqa shaxs ishtirok etsa yoki noqonuniy vositalardan foydalansa, tizim bu holatni aniqlab, avtomatik ravishda bloklaydi. Vazir ta’kidlaganidek, bugungi kunda jahon tajribasida sirtqi ta’lim amalda yo‘q. O‘zbekistonda esa kredit-modul tizimi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro reytingdagi universitetlar dasturlari qabul qilinmoqda va xorijiy professorlar jalb etilayotgani ma’lum qilindi. Qo‘ng‘irotboy Sharipov masofaviy va uzaytirilgan ta’lim shakllari orqali talabalarga oliy ma’lumot olish imkoniyati qoldirilganini, ba’zi mamlakatlarda ta’limni 4 yil emas, 5 yoki 10 yilda tugatish mumkinligini qayd etdi. Vazir bu o‘zgarishdan cho‘chimaslik kerakligini ta’kidladi. Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatilgan bo‘lsa-da, hozirda o‘qishni davom ettirayotgan talabalar o‘z ta’lim yo‘nalishlarini amaldagi qoidalarga muvofiq yakunlaydilar. Sirtqi ta’lim asosida olingan diplomlar O‘zbekistonda to‘liq yuridik kuchga ega bo‘lib, boshqa ta’lim shakllaridagi diplomlar bilan teng hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘quv sifatini yetarlicha ta’minlay olmaganimiz sabab sirtqi ta’lim tugatildi — Oliy ta’lim vaziri | Vaqt.uz