add

Orban Rossiya sanksiyalari va Putin-Tramp sammiti bekor qilinishi ortidan tuzoqqa tushdi

25.10.2025 | 19:1522072

Vengriya bosh vaziri Tramp va Putin sammiti bekor qilinishi hamda Rossiya neft kompaniyalariga AQSH sanksiyalari joriy etilishi ortidan ikki tomonlama zarbaga uchradi.

Orban Rossiya sanksiyalari va Putin-Tramp sammiti bekor qilinishi ortidan tuzoqqa tushdi

CNN nashrining yozishicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yaqinda Budapeshtni «tinchlikka olib boruvchi shahar» deb atagan, chunki u yerda Donald Tramp va Vladimir Putinning sammiti bo‘lib o‘tishi kutilgan edi. Biroq Vashington uchrashuvni bekor qilib, Rossiyaning yirik neft kompaniyalari — «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan bloklovchi sanksiyalari joriy etdi.

Bu nafaqat Kreml daromadlariga, balki Rossiya neft mahsulotlariga qattiq bog‘liq bo‘lgan Vengriya iqtisodiyotiga ham zarba berdi. Yevropadagi ko‘plab davlatlar 2022 yildan buyon Rossiya energiyasidan voz kechayotgan bir paytda, Budapesht teskari ish tutib, qaytaga Rossiya neft importini tobora oshirib kelayotgandi.

CSD va CREA tahlil markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Vengriya iste’mol qilayotgan neft xomashyosining 92 foizi Rossiyadan keladi (urush boshlanishidan oldin bu ko‘rsatkich 61 foiz edi). Faqat shu yilning o‘zidayoq Budapeshtning Rossiyadan import qilgan neft miqdori Kreml xazinasiga 5,4 mlrd yevro tushum keltirgan — bu taxminan 1800 ta «Iskander-M» raketa qiymatiga teng.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi 2027 yildan boshlab Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini (STG) import qilishni to‘xtatish rejasini ham tasdiqladi. Bu esa Vengriyaning energetika ta’minotini yanada murakkablashtiradi. Orbanning o‘zi ham shunday sharoitda «Rossiya energiya resurslarisiz mamlakat iqtisodiyoti tiz cho‘kishi mumkinligi»ni tan olgan.

Shunga qaramay, Orban hukumati sanksiyalarni «aylanma yo‘llar bilan chetlab o‘tish ustida ishlayapti», deb bayonot berdi. U bu reja qanday amalga oshirilishini ochiqlamagan.

Orban uchun ichki siyosatda ham vaziyat og‘irlashmoqda. Uning sobiq hamkori Peter Madyar boshchiligidagi muxolifat kuchaymoqda va bahorgi saylovlarda jiddiy raqobat kutilmoqda.

Oltinchi muddatni ko‘zlayotgan Orban sammitni o‘zining siyosiy g‘alabasi sifatida ko‘rsatishni rejalashtirgan edi. Ammo natijada u bekor qilingan sammit, AQSH sanksiyalari va iqtisodiy bosim bilan qoldi — bu esa uning nufuziga va saylov oldi pozitsiyasiga jiddiy zarba bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid